G'arb ham bilvosita "Islomiy davlat"dan neft sotib olmoqda

  • Amerika Ovozi

O'nlab davlatni o'z ichiga olgan xalqaro koalitsiya "Islomiy davlat" ekstremistlar guruhining moliyaviy manbalarini yo'q qilishga zo'r bermoqda. Guruh neft savdosidan haftasiga 10 million dollar daromad qiladi. Diplomatlarning tan olishicha, G'arb davlatlari ham jihodchilardan bilvosita neft xarid qiladi.

Britaniya parlamenti o'z harbiylariga havo hujumlarida qatnashishga ruxsat bergach, Suriyada "Islomiy davlat" nazorat qiladigan neft obyektlari bombardimon qilina boshlandi.

Aynan neft ishlab chiqarishga aloqador korxonalar va infratuzilma nishonga olinmoqda. Lekin neft konlariga hujum qilinmayapti, chunki urushdan keyin hali Suriyani tiklash uchun mablag' kerak. O'tgan bir yil ichida 260 inshoot vayron qilingan.

Britaniya Mudofaa vaziri Maykl Fallon so'zlariga ko'ra, "Islomiy davlat" o'z faoliyatini olib borish uchun muhim sanalmish neft biznesiga qattiq zarba berilmoqda.

Neftga ehtiyoj

Ammo Suriyada to'rt yildan beri davom etayotgan urushning kutilmagan oqibatlarini nazarga olish darkor. Gap shundaki, G'arb hukumatlaridan pul "Islomiy davlat"ga ham yetib borayapti. Suriya shimolidagi muxolifatchi guruhlar G'arbdan yordam oladi, ularga kerakli neft esa vositachilar orqali "Islomiy davlat"dan sotib olinadi.

"Suriyadagi mahalliy guruhlarga hech kim neft yetkazib turgani yo'q, ularning qo'liga pul tushadi. Bu pul neft xarid qilishga ham sarflanadi", - deydi siyosiy faollardan biri, nohukumat tashkilotlar bilan yaqindan ishlaydigan Bassad al-Quvaytiy.

AQSh va Yevropa rasmiylari bu da'volarni rad etmaydi. G'arb quvvatlayotgan isyonchi guruhlar, Suriyadagi nodavlat tashkilotlar va mahalliy kengashlar haqiqatan neftni "Islomiy davlat"dan sotib olayotganini rasmiylar tasqidlamoqda.

Suriya aholisiga yordam ko'rsatayotgan global xayriya tashkilotlari ham bunga ko'z yumadi. Suriya hududiga bombalar yog'ilayotgan bir paytda, deylik, Turkiyadan neft olib kirishning iloji yo'q, deydi ular. Neft va benzinsiz, hukumatga qarshi kurashayotgan guruhlar allaqachon yengilgan bo'lardi.

Blokada

Shu yoz Suriyaning Tal Abyad shahri jangarilardan tortib olingach, "Islomiy davlat" Suriya shimoliga neft ta'minotini to'xtatgan edi. Isyonchilarga neft yetkazgan haydovchilarning kallasi olinadi, deb qo'rqitilgan o'shanda.

Blokada oqibatida Suriya shimolida gumanitar ahvol keskin yomonlashdi. Qishloq xo'jaligidan tortib kasalxonalargacha, qator sektorlarda ish to'xtab qoldi. Chunki novvoyxonalar, suv xo'jaliklari, klinikalar hammasi generatorlarga tayanadi.

"Islomiy davlat" nazoratidagi hududlarda 10 dan ziyod neft konlari bor. Ulardan tushadigan daromad xalifalikni tebratadi, terror tizimini moliyalaydi. "Islomiy davlat" qora oltinni savdogarlarga pullaydi, ular esa mahsulotni boshqa xaridorlarga.

Assad ham xaridor

Qizig'i, Suriya hukumati ham o'z armiyasi uchun neftni "Islomiy davlat"dan sotib oladi.

2014-yilda Iroqning Mosul shahrida o'tkazilgan reydda jihodchi qo'mondon Abdulrahmon al-Bilaviyning uyidan kompyuterlar topilib, analiz qilingan edi. Ulardagi ma'lumotlar shundan dalolat beradiki, "Islomiy davlat"ning arzon neftiga xaridorlar ko'p, jumladan, Assad rejimi, isyonchi guruhlar va hatto xorijiy mijozlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG