Suriyada neft sanoati butunlay ishdan chiqqan

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Raqqa viloyatida havo hujumiga uchragan neftni qayta ishlovchi zavod

Suriyaning Raqqa viloyatida havo hujumiga uchragan neftni qayta ishlovchi zavod

Suriyada fuqarolar urushi boshlangandan beri hukumat qaramog’ida neft ishlab chiqarish deyarli butunlay to’xtagan. Hozirgi neft qazib olish darajasi urushdan avvalgi miqdorning uch foiziga ham yetmaydi. So’nggi kunlarda rasmiy Damashq mahalliy hukumatlar yordamida eng katta neft konlaridan birini qayta ochgan. Ammo bu barbod bo’lgan sanoatni qutqarib qolish uchun kifoya emas, deydi kuzatuvchilar.

Suriyaning neft sanoati, boshqa ko’plab sohalar kabi, ishdan chiqqan. Hatto “Islomiy davlat” jangarilari ham tinimsiz havo hujumlari oqibatida noqonuniy neft savdosini kamaytirishga majbur bo’lmoqda. Damashqlik siyosiy tahlilchi Afif Dalla vaziyatning juda og’ir ekanini aytadi.

“Iqtisodiyotning g’ildiragi oldinga qarab yurishi uchun neft juda muhim, ammo terrorchi guruhlar mavjud ekan, avvalgi darajada qora moy qazib olishni yo’lga qo’yishning iloji yo’q”, - deydi u.

Dubaydagi Fors ko’rfazi tadqiqot markazida mudofaa va xavfsizlik masalalari bo’yicha direktor Mustafo Alanining aytishicha, Suriya hozir neftga bo’lgan ehtiyojlarini butunlay import hisobiga qoplamoqda.

“Bu zaxiralar bilan o’zini ta’minlay olardi. Hozir nazoratni boy bergan, deyarli har bir tomchisini xorijdan, asosan, Erondan olmoqda”, - deydi u.

O’tgan hafta mahalliy kurd yetakchilari Suriyaning eng katta neft konlaridan birini qayta ochdi. U milliy ichki mahsulot hajmini ikki barobar oshirishi kutilmoqda.

Ammo, deydi Alani, bu butun mamlakat uchun kifoya emas, faqat atrofdagi qishloqlarni ta’minlash uchun yetadi.

“Kon mahalliy savdoga va neft ishlab chiqarishning oddiy usullariga asoslangan. Kerakli jihozlarning aksariyati yakson qilingan. Shuning uchun vaziyat o’zgarishiga ko’zim yetmaydi. Ozgina o’zgarish bo’lishi mumkin”, - deydi tahlilchi.

Alani fikricha, hukumat ham, xalqaro kompaniyalar va jangarilar ham uzoq muddat Suriya neft konlaridan daromad olish imkoniyatiga ega bo’lmaydi. Agar urush tugasa, Suriya o’z ehtiyojlariga yarasha neft ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishi mumkin, ammo uni eksport qilish haqida endi o’ylamasa ham bo’ladi, deydi Alani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG