Suriya muxolifati Assadni qulatish rejasida yakdil

  • Amerika Ovozi

Suriya muxolifati Assadni qulatish rejasida yakdil

Suriya muxolifati Assadni qulatish rejasida yakdil

Suriya muxolifati prezident Bashar al-Assad hukumatiga qarshi yangi taktika qo'llamoqda. Armiyadan qochgan harbiylar va xavfsizlik kuchlari o'rtasida janglar kuchayarar ekan, muxolifat xalqni ish tashlashga undamoqda. Ayrimlar hukumatga qarshi kurashning harbiy, boshqalar esa nozo'ravon usullarini tanlagani muxolifat safida tarqoqlikdan darakdir.

Bashar al-Assad ma'muriyatini xush ko'rmaydigan savdogarlar do'konlarini yopib qo'ygan. Mirshablar esa ularni kuch bilan ishga qaytarishga harakat qilmoqda, ayrim do'konlarga hatto o't qo'yilgan.

Yakshanba kuni boshlangan ish tashlashlar to'qqiz oydan beri Assadga qarshi davom etayotgan nozo'ravon harakatning yangicha bir ko'rinishi. Namoyishlar, ko'chalar bo'lib yurishlar, hukumatga qarshi shiorlar ham tingani yo'q.

Shu bilan birga armiya dezertirlarining qurolli qarshiligi ham kuchaydi. Ikki tomonlama bosim natijasida tuzum qulashiga oz qoldi, deydi ular. Qaysi usuldan ko'proq foyda bo'lishi hozircha noaniq.

Saudiya Arabistonida asoslangan Fors ko'rfazi tadqiqot markazi rahbari Abdulaziz Sog'irning aytishicha, qurolli qo'zg'olon natija berishi uchun ko'lami keng bo'lishi zarur.

"Armiyadan ko'proq zobit va ofitserlar qochib, muxolifat harbiy kuchga to'lsagina, fuqarolik urushi boshlanadi. Hozircha raqamlar katta emas. Qurollari ham yengil. Kalashnikov avtomatlari bilan tank yoki boshqa turdagi og'ir texnikaga bas kelib bo'lmaydi", - deydi mutaxassis.

Ish tashlashlar ham tez orada natija bermaydi.

Suriyaga qo'shni Livan va Iroq Assadni qo'llab, chegaradan mahsulotlarning o'tishini cheklamas ekan, zabastovkayam, xalqaro sanksiyalar ham rasmiy Damashqqa iqtisodiy zarar keltira olmaydi.

Chegaraning bo'shligi qurolli muxolifatga ham qo'l kelishi mumkin. So'nggi kunlarda janglar shiddatli tus olar ekan, isyonchilar ixtiyoriga og'irroq qurollar yetkazilayotganini faraz qilish mumkin.

Hozircha hech bir davlat "Ozod Suriya armiyasi" deb nomlanuvchi dezertirlar guruhini ochiqchasiga o'q-dori bilan ta'minlamayapti. Sabab mamlakatda siyosiy rahbarlikka da'vo qilayotgan, Turkiyadan turib muxolifat faoliyatini boshqarayotgan Suriya Milliy kengashi qurolli to'qnashuvga qarshi. Kengash nazarida "Ozod Suriya armiyasi" qurolni tinch aholini mudofaa qilish uchungina ishlatsa maqsadga muvofiq bo'ladi.

Ammo aynan tinch aholini himoya qilish maqsadida NATO yil boshida BMT mandatini olib, Liviyani bombardimon qilishni boshlagan edi. G'arb va, hatto, arab davlatlari prezident Assad siyosatini qoralagani bilan Suriyaga qarshi qurolli intervensiya haqida hozircha gap ketmayapti. Harbiy aralashuv masalasi BMT Xavfsizlik Kengashida ko'rilgani bilan Liviyadagi operatsiyaga ko'z yumgan Rossiya bu safar rezolyutsiya loyihasiga veto qo'yishi aniq.

Ayrim kuzatuvchilar Arab Ligasini bo'shlikda ayblamoqda. O'tgan oy Suriya rasmiylariga sanksiya qo'yib, jazo choralarini kuchaytiramiz deya do'q-po'pisa qilgan tashkilot so'nggi kunlarda jim. Liga va Suriya mamlakatga kuzatuvchilarni kiritish xususida savdolashmqoda. Guruh hafta oxirida uchrashib, masalaga yana qaytadi.

Parij Universitetida siyosatshunoslikdan dars beruvchi professor Hattor Abu Diabning aytishicha, Suriyaga nisbatan sanksiyani kuchaytirish bilan bu mamlakat bilan iqtisodiy aloqalarga ega Arab Ligasiga a'zo davlatlar o'z iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazishni istamaydi.

Assadga qarshi harakatlanayotgan muxolif kuchlar o'rtasida hamjihatlik bo'lmagani bilan tahlilchilar nazarida kampaniya hal qiluvchi pallaga kirmoqda va muxolifatning qo'li baland keladi.

Hukumat ommaviy namoyishlar va bo'ysunmaslik hamda qurolli isyonga qarshi cheksiz kurasha olmaydi, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG