Suriya muxolifati birlashish harakatida

  • Amerika Ovozi

Idlib viloyatida hukumatga qarshi namoyishga chiqqan yoshlar

Idlib viloyatida hukumatga qarshi namoyishga chiqqan yoshlar

Suriyada prezident Bashar al-Assadga qarshi namoyishlar va qurolli to’qnashuv davom etar ekan, muxolifat hamjihat emas. Xorijdagi faollar Suriya milliy kengashi qanoti ostida birlashishga harakat qilayapti. Qohiradagi muxbirimiz Elizabet Arrot bu guruh yetakchilari bilan uchrashib, faoliyati bilan tanishdi.

Suriyadagi muxolif guruhlarning tarqoqligi sir emas. Umumiy markaz bo’lmasa-da, Suriya milliy kengashi ularning faoliyatini muvofiqlashtirishga harakat qiladi, barcha g’ayrati Suriya armiyasi hujumlarini qaytarishga qaratilgan. Xorijdagi faollar asosan kengash orqali ishlashni afzal ko’radi. Burhon G’aliun unga rahbarlik qiladi.

Suriya Milliy Kengashi a'zosi Valid al-Buniy muxolifat liderlaridan biri

Suriya Milliy Kengashi a'zosi Valid al-Buniy muxolifat liderlaridan biri

Kengash a’zosi, inson huquqlari faoli Xaytam al-Malihning aytishicha, kengash rahbariyati isyonchilar armiyasini qurollantirish borasida hamfikr emas. G’aliun, masalan, bunga qarshi.

O’tgan oy al-Malih muxolifatdagi Ozod Suriya armiyasini qurollantirish tashabbusi bilan chiqqanida G’aliun unga qo’shilishga majbur bo’ldi. Biroq isyonchilar qo’mondonlari kengash rahbari ular bilan maslahatlashmaganini aytib, norozilik bildirdi.

Suriya muxolifatining katta qismi Turkiyada yashaydi

Suriya muxolifatining katta qismi Turkiyada yashaydi

Guruh a’zosi Valid al-Buniyning aytishicha, isyonchilar bu haqda televideniye orqali o’rgandi. Maslahatsiz ish qiladigan odamga bu vazifani topshirib bo’ladimi, deya so’raydi u.

Al-Buniy kengash rahbariyati tarqoqligini, intizom va umumiy siyosat yo’qligini tan oladi. Xalqaro hamjamiyat prezident Bashar al-Assadga qarshi dadilroq harakat qilishi lozim, deydi u.

Davlatlar haligacha Assadga qarshi hujumni boshlamagan. Muxolifat tarqoq degan gap bunga asos bo’la olmaydi, bu shunchaki bahona. Ular shunchaki istashmagan, deydi al-Buniy.

Suriya bo'ylab o'tgan bir yil ichida 7000 dan oshiq odam halok bo'ldi, asosan qurolli kuchlar o'qidan

Suriya bo'ylab o'tgan bir yil ichida 7000 dan oshiq odam halok bo'ldi, asosan qurolli kuchlar o'qidan

Ayrim tahlilchilar nazarida xalqaro hamjamiyat Assaddan keyin Suriya qanday bo’lishini aniq tasavvur eta olmagani uchun, tashqi harbiy aralashuv mazhablararo ziddiyatlar yoki ekstremistik kayfiyatni kuchaytirishi mumkin, deya dadil harakat qilmayapti.

Milliy kengash a’zosi al-Buniy fikricha esa Ozod Suriya armiyasiga yordam berilmasa, vaziyat yomonlashadi.

Guruhlar ko’payib, hamma o’zi uchun kurashadi. Shunday bo’lsa, Assad ketganidan keyin it egasini tanimaydigan holat yuzaga keladi, deydi al-Buniy.

Al-Malih ham, al-Buniy ham siyosiy islohot va inson huquqlari bobidagi tashviqoti va faolligi uchun o’tmishda qamalgan, shu sabab mojaroni qurol bilan hal etish fikriga hech biri yengil qaramaydi. Biroq, deydi al-Malih, bundan boshqa chora yo’q.

Kurash – yagona yo’l, chunki butun dunyo, xalqaro hamjamiyat shu kungacha Suriya uchun qo’lini suvga urmadi, deydi u.

BMT hisobicha, armiyaning isyonchi aholiga qarshi zo’ravonliklari oqibatida 7000 dan ziyod odam o’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG