Suriya muxolifati Qatarda elchixona ochdi

  • Amerika Ovozi

Suriya muxolifati vakili Muaz al Xatib, Qatar Tashqi ishlar vaziri Xolid bin Muhammad al-Attiya Doxadagi elchixonaning ochilish marosimida.

Suriya muxolifati vakili Muaz al Xatib, Qatar Tashqi ishlar vaziri Xolid bin Muhammad al-Attiya Doxadagi elchixonaning ochilish marosimida.

Suriya muxolifati prezident Bashar al-Assadning harbiy havo kuchlaridan himoya izlab, isyonchilar manzillarini mudofaa qilish uchun Amerikadan "Patriot" tizimini so’ragan.

Qatarda Arab Ligasi sammitida muxolifat shunday iltimos bilan chiqdi. Suriya arab respublikasi nomidan oppozitsiya, xususan, muxolif koalitsiya vakili Muaz al-Xatib va muvaqqat bosh vazir Hasan Xitto unda birinchi bor ishtirok etayapti.

Qatar rahbari Shayx Hamad bin Halifa al-Taniy Suriyaning o’rnini rasman muxolifatga topshirar ekan, arab yetakchilari, mehmonlar bu qadamni olqishlagan.

Muaz al-Xatib Qo’shma Shtatlardan ikki yillik urushni tugatishda faolroq harakat qilishni so’radi.

“Dunyo davlatlaridan minnatdormiz, lekin Amerikaning roli faqat moliyaviy madad bilan cheklanib qolmasligi kerak”, - deydi Suriya oppozitsiyasi vakili.

“Biz davlat kotibi Jon Kerridan "Patriot" rusumidagi raketa sistemasini qo’llashni va Suriya shimolini hukumat o’qlaridan pana qilishni so’radik. Amerika rasmiysi iltimosni ko’rib chiqishga va’da berdi”, - deydi u.

Biroq NATO Suriyadagi urushga harbiy jihatdan aralashish niyati yo’qligini bildirgan.
Suriya 2011-yilda Arab Ligasidan haydalgan edi. Liganing aksariyat a’zolari prezident Assadning iste’fosini talab qilib keladi.

Suriya, Rossiya va Eron Arab Ligasining Suriya muxolifatini rasman tan olib, Qatardagi sammitda rasmiy Damashq nomidan qatnashiga ruxsat berganini tanqid qilayapti. Oppozitsiya Qatar poytaxti Doxada elchixona ochgani ham e’tiroz uyg’otgan.

Suriya davlat matbuoti nazarida liga o’z qadriyatlariga xiyonat qilib, G’arb mamlakatlari manfaatlariga xizmat qilmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi nazarida Suriya hukumati hamon BMT tomonidan tan olingan va Arab Ligasining harakatlari noqonuniydir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG