Fransiya Suriya muxolifatini tan olishga shoshmayapti

  • Amerika Ovozi

Halabda prezident Bashar al-Assadga qarshi namoyish, 12-noyabr, 2012-yil.

Halabda prezident Bashar al-Assadga qarshi namoyish, 12-noyabr, 2012-yil.

Fransiya Suriya muxolifati birlashganidan mamnun, lekin guruhni hali rasman tan olmagan. Arab Ligasi ham oppozitsiya qarorini olqishlagan, biroq yangi koalitsiyani Suriya xalqining rasmiy vakillari sifatida qabul qilishga shoshmayapti.


Muxolifatchilar yakshanba Qatarda uchrashib, yagona ittifoq tuzishga kelishib olgan edi. Unda prezident Bashar al-Assadga qarshi ham Suriyada, ham chetda kurashayotgan kuchlar birlashdi.

Muxolifat koalitsiyasiga diniy peshvo, imom Maat al-Xatib boshliq etib tayinlandi.

“Avvalo yangi kengash Arab Ligasi rahbarlari bilan fikrlashib olishi kerak”, - deydi al-Xatib. “Suriya xalqining yagona va qonuniy namoyandalari sifatida sahnaga chiqish uchun liganing maslahati zarur”, - deydi u.

Muxolifat kecha Misrda liga tashqi ishlar vazirlari bilan ko’rishib, Assadga qarshi kurashda xalqaro yordam haqida gaplashib olgan.

Oppozitsiya vakili, al-Xatibning muovini Riyod Sayf xalqaro hamjamiyat madadidan umidvor:

“Bu yordamni tez orada amalda ko’rsak, ajabmas. Suriya xalqini armiya hamlalari, og’ir artilleriya va tanklar hujumlaridan pana qilishlari mumkin”, - deydi muxolifatchi.

Fransiyada siyosiy fanlar bo’yicha dars berayotgan olim Xattar Abu Diab fikricha, yangi kengash muxolifat qiyofasini o’zgartiradi. Murosaga moyil bir guruh deya tanitadi.

Olimning aytishicha, alyans xalqaro hamjamiyatning muxolifatni isloh qilish talabi ostida shakllangan. Uning safida sunniy peshvolar, so’l xristianlar va boshqalar bor ekani ramziy ma’no kasb etadi, deydi ekspert. Xalqaro hamjamiyat ishonchini qozonish uchun qilingan ish bu.

Rossiya tashqi ishlar vaziri muovini Gennadiy Gatilov yangi ittifoqni Suriya hukumati bilan muzokaraga undamoqda. Rossiya va Eron Assad ma’muriyatini qo’llayotgan kamsonli davlatlardan.

Huquq himoyasi bilan mashg’ul “Human Rights Watch” tashkiloti koalitsiyani o’z jangchilariga qat’iy talab qo’yishga, inson qadri va haq-huquqini e’zozlashga da’vat etmoqda. Oppozitsiyani moliyalab, qurol-aslaha uzatayotgan guruhlarni ham shunga chaqiramiz, deyiladi “Human Rights Watch”ning bugungi bayonotida.

Suriya qurolli kuchlari ikki kundirki qo’shni Turkiya bilan chegarada isyonchilar manzillarini bombardimon qilmoqda. Kecha Ras al-Ayn shahriga qilingan havo hujumida kamida 12 odam nobud bo’lgan, deydi faollar. Qo’zg’olonchilar bir necha kun oldin asosan kurdlar yashovchi bu shahar uchun qattiq olishib, qo’li baland kelgan edi.

Poytaxt Damashqning Tadamon tumanida ham tinimsiz o’q uzishlar, portlashlar… Hudud tanklar qurshovida. Mamlakat sharqida janglar davom etmoqda. Internetdagi videolarda vayronaga aylangan shaharlarni ko’rish mumkin. Isyonchilar yana bir videoda hukumatga qarashli vertolyotni urib tushirganini da’vo qilmoqda.

Kecha, shuningdek, Isroil tanklari Suriyaga qarata o’t ochgan. Avval Suriyadan turib G’olan tepaligi o’qqa tutildi, biz esa javob qaytardik, deydi Isroil harbiylari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG