Breaking News

Suriyada 13 isyonchi guruh muxolif koalitsiyani tan olmayapti


Suriyalik isyonchi
Suriyalik isyonchi
Suriyada hukumatga qarshi kurashayotgan 13 isyonchi guruh asosiy muxoliflikka da’vo qilayotgan Suriya milliy koalitsiyasini tan olmasligini bildirib, umumiy bayonot chiqargan. Unda aytilishicha, koalitsiya ortiq boshqa guruhlar manfaatlarini himoya qilmay qo’ygan.

Bu guruhlar orasida Al-Qoidaga aloqador Al-Nusra fronti ham bor. Ular barchani islomiy bayroq ostida birlashishib, prezident Bashar Assad boshqaruviga qarshi kurashishga chaqirmoqda.

Suriya milliy koalitsiyasi rahbarlari Turkiyada tez-tez to'planib turadi va G'arb madadiga tayanadi.

Bayonotda Assadga qarshi kurashga Suriya ichidagi guruhlar bosh bo'lishi kerakligi ta'kidlanadi.

"Mamlakat tashqarisidagilarni tan olmaymiz, chunki ular bizning manfaatlarimizni himoya qilmaydi", deyiladi bayonotda.

13 guruh tarkibida jami 20 ming jangchining borligi va ular, asosan mamlakat shimolida harakatlanishi aytiladi. Janub va sharqdagi isyonchilar ularning da'vatiga qo'shilmagan.

Bu o'rtada BMTning kimyoviy qurollar bo’yicha inspektorlari yana Suriyada. Shvetsiyalik mutaxassis Eyk Sellstrom boshchiligidagi missiya Suriyada kimyoviy qurol qo’llanganiga doir da’volarni taftish qiladi. O’tgan oy guruh uchta ana shunday hujumni tergov qilgan. Zaharli moddalarni kim qo’llaganini aniqlash inspektorlar vazifasiga kirmaydi.

Suriya kimyoviy qurollaridan voz kechishga so’z berganidan beri BMT Xavfsizlik Kengashida bunga doir rezolyutsiya loyihasi ustida ish qizg’in ketmoqda. AQSh davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kecha BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidan tashqarida uchrashib, hujjatdagi asosiy punktlar bo’yicha yana kelisha olmagan.

AQSh, Britaniya va Fransiya Suriya kimyoviy qurollarini topshirmasa, unga qarshi harbiy kuch qo’llash shartini loyihaga kiritmoqchi. Rossiya va Xitoy bunga qarshi.

Prezident Barak Obama sessiya ochilishida nutq so’zlab, Suriyada kimyoviy hujum ortida prezident Bashar Assad turganiga shubha qiluvchilarni tanqid qildi. Rossiya nazarida zarin gazini isyonchilar qo’llagan.
XS
SM
MD
LG