Suriyadagi ahvol sabab falastinliklar yana sarson-sargardon

  • Amerika Ovozi

Livanda jon saqlayotgan falastinliklarning bolalari

Livanda jon saqlayotgan falastinliklarning bolalari

Suriyada yarim million, Livanda ham deyarli shuncha falastinlik qochqin bor.

Suriyada zo’ravonliklar avj olgan sari yuzlab falastinliklar qo’shni Livanga qochib o’tmoqda. Aksariyati Shatilla qochqinlar lagerida qo’nim topgan.


Raja Hoshim - ulardan biri. Damashqda qololmasdim, besh farzandim bor, axir, deydi ayol.

“Qiruvchi samolyotlar, bombardimon qilishlar, o’lim… Bularning hammasiga guvoh bo’ldim. Bolalarimni oldim-da, qochdim. U yerdagi vaziyatda tirik qolish amri-mahol”, - deydi Raja Hoshim.

U qo’shnilari va yaqinlari o’limini o’z ko’zi bilan ko’rgan.

BMTning Livandagi rasmiylaridan biri Hoda Samraning bildirishicha, Suriyadan qochib o’tgan 3000 falastinlik ro’yxatga olingan.

Ko’pi urush avj olganidan so’ng, ya’ni iyul o’rtalarida kelgan. 25 yoshli Umar ro’yxatga olinganlardan.

“Bizga yordam berishyapti. Tirik ekanimizga shukur”, - deydi u.

Qochqinlar uchun ish topish qiyin, deya e’tirof etadi BMT mutasaddisi Hoda Samra.

Hozircha ularning lagerda yashab, insonparvarlik yordami olishdan boshqa iloji yo’q. Lagerda ham odam ko’p. Xonalar erkak, ayol va bolalarga to’la.

Ibtisom ismli kishi to’qqiz qarindoshi bilan bir xonada yashayapti.

“Uch oilamiz. Nachora. Boshqa iloj ham yo’q. O’lim, otishma va bomba hujumlaridan qochib qutulganimizga xursandmiz”, - deydi u.



Livan hukumati qochqinlarga bir oylik viza bergan, xolos. Suriyadagi mojaro qancha davom etishi esa noaniq.

Suriyalik qochqinlar taqdiri:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG