Suriya tarixiy merosini saqlab qolish uchun urushni tugatish kerak

  • Amerika Ovozi

Palmira

Palmira

Suriyaning Palmira kabi tarixiy hududlaridan jangarilar quvib chiqarilgach, mamlakatning bebaho madaniy va tarixiy merosiga yetkazilgan zarar ko’lami aniqlanmoqda.

Qadimiy Mesopotamiya bo’yicha dunyodagi eng ilg’or mutaxassislardan biri deb sanaluvchi Makgvayr Gibson ilgari Suriyaga tez-tez borib turardi. Ammo “Islomiy davlat” terror guruhi mamlakatning bir qismini bosib olganida Chikago universiteti professori Palmira va boshqa tarixiy manzillarning vayron etilishini uzoqdan ojiz kuzatishga majbur bo’ldi.

“Bu qadar yomon bo’lmagan hali”, - deydi u.

“Islomiy davlat” Palmiradan quvilgach va hukumat nazoratiga qaytgach, Gibson yengil tortdi.

“Hukumat tobora kattaroq hududlarni o’z nazoratiga qaytaradi degan umiddaman. Ruslarga rahmat”, - deydi u.

Palmirada jangarilarga qarshi hujumda Suriya armiyasi va Rossiya harbiy-havo kuchlari qatnashdi. Gibsonning aytishicha, Rossiya aralashuvi va Suriya hukumati bilan hamkorligi tufayli madaniy merosning butkul vayron etilishining oldi olindi.

Biroq Ogayo shtatidagi Shoni davlat universiteti professori Amir al-Azim o’zgacha fikrda.

“Odamlar “Islomiy davlat”dan qutuldik, deb xursand bo’lyapti, ammo xomhayol bu”, - deydi u.

Amir al-Azim Suriya muxolifatining a’zosi, bir paytlar muzeylar boshqarmasida ishlagan. Uning aytishicha, ruslar va Suriya rejimining tartibsiz havo hujumlari “Islomiy davlat” vayronagarchiliklari kabi xavflidir.

“Ularga farqi yo’q, ko’ziga tushgan joyni bombardimon qilaveradi”, - deydi u.

Suriyalik olim vatanidagi voqealardan u yerda qolgan do’stlari orqali xabardor bo’lib turadi.

“Jangarilar qadimiy obidalarni talab Suriya madaniy merosiga katta zarar yetkazdi”, - deydi u.

Ayrim ko’hna eksponatlar savdo uchun Suriyadan noqonuniy olib chiqildi. Ularga talab qora bozorni yuzaga keltirdi.

“Bu uyushgan jinoyatchilik. Bozori chaqqon”, - deydi Makgvayr Gibson.

Amir al-Azimning aytishicha, keng ko’lamli qirg’in va talon-tarojga chek qo’yishning bir yo’li bor.

“Bu urushga barham berish kerak. Shundagina Suriya madaniy merosini saqlab qolish mumkin”, - deydi u.

Besh yillik urush yakuni esa hukumat va muxolifat o’rtasidagi muzokaralar natijasiga bog’liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG