Qozog'iston Suriyaga doir muzokaralarga hozirlik ko'rmoqda


Ostona, Qozog'iston

Ostona, Qozog'iston

Qozog'istonda Suriya hukumati va muxolifati o'rtasida muzokaralarga hozirlik ko'rilmoqda. Muloqot 23-yanvarga belgilangan. Avvalgilari Suriya muxolifatining aksariyati tomonidan rad qilingan va natijasiz tugagan edi.

Bu gal ham biror aniq natija bo'lishi shubhali. Ammo sharhlovchilar nazarida Suriyada urushga tortilgan qudratli davlatlar murosa qilsa, muzokara natijalari ham o'zgarishi mumkin.

Mo'tadil va o'ta radikal toifalarga bo'lingan muxolifat Ostonaga keladimi, yo'qmi, hali aniq aytmagan. Qozog'istonda Suriya bo'yicha avvalgi muzokaralar ham aynan shuning uchun natijasiz tugagan edi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri muloqot rejalanganini ijobiy baholagan. Ammo tomonlar pozitsiyalari farqli ekani bois tadbir bo'lib o'tishiga shubha bildirgan. Kerri nazarida Suriya bo'yicha butun diqqat Jenevadagi uchrashuvlarga qaratilishi lozim.

Sharhlovchilar Ostona uchrashuvi AQShda Donald Tramp rahbarlikka kirishishi ortidan o'tishiga diqqat qaratmoqda. Tramp 20-yanvardan prezidentlik faoliyatini boshlaydi.

Rossiyalik ekspert Andrey Sirenkoning aytishicha, muzokaralar Tramp bilan muloqotga hozirlanayotgan Vladimir Putin uchun qo'shimcha dastak. Rossiyaning mutlaq nazorati ostida o'tayotgan mazkur majlisdan bu safar ham biror amaliy natija bo'lishi qiyin, deydi u.

Turkiyada yashayotgan o'zbek siyosatshunosi Namoz Normo'min deydiki, urushga tortilgan Rossiya va Turkiya o'zaro murosaga borayotgani Ostona muloqotiga ta'sir qiladi:

“Suriya 2011-yildan buyon butun dunyoni xavotirga solib turgan asosiy masala. Qancha qirg'in bo'ldi, qancha odamlar o'ldi! Oxirgi paytda Rossiya va Turkiya munosabatlari yaxshilanishi bilan Suriya hukumati va muxolifati o'rtasida ham tinchlikka umidlar paydo bo'ldi. Shuning uchun Ostonada kutilayotgan muzokaradan, unga Turkiya va Rossiya kafolat bo'layotgani uchun ham natija kutayapman”, - deydi Normo'min.

Prezident Bashar al-Assad va muxolifat o'rtasida qaqshatqich urush 2011-yildan buyon davom etmoqda. Xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, Turkiya Assadni iste'fo berishga, mamlakatda haqiqiy saylovlar o'tkazishga chaqirib keladi.

Assad urushga Rossiya qo'shilishi ortidan ayrim hududlarni qayta qo'lga kiritdi. 23-yanvargi muzokaralarda Suriya muxolifati to'liq ishtirok etishi hozirgacha aniq emas. Namoz Normo'min so'zlariga ko'ra, muxolifatning bir qanoti - "Ozod Suriya" muzokaralarga moyillik bildira boshlagan:

“Turkiya Suriyaga ancha kirib bordi. Hozir muxolif “Ozod Suriya” armiyasining safi kengayib bormoqda. Rossiya, Turkiya va hatto Eron qo'shilib muxolifatni shakllantirishga urinmoqda. Muxolifat o'z qurolli kuchlarini saqlab qolgan holda, Suriyada, ehtimol avval hududiy bir bo'linishlar asosida, tinchlik uchun qadam tashlanadi, deb umid qilaman. Chunki hozirgi vaziyatda bundan boshqa bir choraning o'zi yo'q”.

Ostona muzokaralari Donald Tramp rasman prezidentlikni boshlashi ortidan o'tadi. Suriya bobida AQSh va Rossiya fikri tarqoq bo'lib kelgan. Tramning hokimiyatga kelishi buni qanchalik o'zgartirishi mavhum, ammo:

“So'nggi paytda Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyatda o'zgarishlar kuzatildi, pozitsiyalar oydinlashdi. Albatta, Rossiyaning bu hududda o'z manfaatlari bor, boshqa tomondan, AQSh, Yevropaning ishtiroki zaiflashib bormoqda. Turkiya-Rossiya hamkorligi esa ancha uzoqqa mo'ljallangan ko'rinayapti”, - deydi Normo'min.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG