Suriya rahbari yaqin safdoshidan ayrildi

  • Amerika Ovozi

Hijab ikki oy oldin lavozimga kirishgan edi.

Hijab ikki oy oldin lavozimga kirishgan edi.

Suriya bosh vaziri prezident Bashar al-Assaddan yuz o’girib, muxolifatga qo’shilgan. Riyod Hijab “Al-Jazeera” telekanali orqali e’lon qilingan bayonotida hukumatning qonxo’r xatti-harakatlari bois qochganini aytgan.

Bayonotga muvofiq, Hijab va uning oilasi bexatar joyda. Iordaniya rasmiylari ularga boshpana berganini bildirmoqda.

Suriya davlat televideniyesi izohiga ko’ra esa arbob ishdan haydalib, o’rniga muovini Umar Galavanji tayinlangan. Hijab ikki oy oldin lavozimga kirishgan edi.



Sal oldin poytaxt Damashqda davlat televideniyesida portlash ro’y berib, bir necha odam jarohatlangan. Binoga ziyon yetsa-da, efir davom etgan.

Muxolifat, bu orada, shimoldagi Halab shahrida armiya hujumlaridan tinim yo’q, deydi. Britaniyada asoslangan huquq tashkiloti hisobidan ma’lum bo’lishicha, bugungi janglar qariyb 30 fuqaroni hayotdan olib ketgan.

Bu xabarlarni mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas, chunki jurnalistlar mintaqada erkin harakat qila olmaydi.

Amerika senatorlari Jon Makkeyn, Jozef Liberman va Lindsi Grexem nazarida Qo’shma Shtatlar Suriya oppozitsiyasiga qurol-aslaha, razvedka ma’lumoti va treninglar bilan yordam berishi kerak.

“Vashington Post” gazetasida kecha chop etilgan maqolada senatorlar AQSh hukumatini tanqid qiladi. “Chetda jim qarab turib, o’z xavfsizligimiz va nomimizni bulg’ayapmiz”, - deydi ular.

Bu o’rtada Eron hukumati o’tgan shanba Damashqda garovga olingan 48 fuqarosini ozod qilishda Turkiya va Qatardan madad so’ragan. Tehronning bildirishicha, ular ziyoratchilar, lekin suriyalik isyonchilar Eron Inqilobiy Gvardiyasi jangchilarini qo’lga oldik, deydi.

Eron Suriya rahbariyatini, Turkiya va Qatar isyonchilarni qo’llab-quvvatlab keladi.

Tahlilchilar fikricha, Assad ma’muriyati qulasa, Eronning mintaqadagi nufuzi va ta’siri kamayadi, AQShning kuch-qudrati esa oshadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG