Suriyada qatliomlar, xalqaro hamjamiyat asosan tomoshabin rolida

  • Amerika Ovozi

BMT Inson huquqlari kengashi o’tgan hafta Suriyaning Xula qishlog’ida yuzlab odam, jumladan bolalar otib-chavoqlab tashlangani yuzasidan mustaqil tekshiruv boshlashni talab qilmoqda.

Kengash rahbari Navi Pillayning Jenevada o’tgan favqulodda majlisda ta’kidlashicha, voqea insoniyatga qarshi jinoyat deb ko’rilishi mumkin. Suriya hukumati tergovga yo’l ochib berishi kerak.

Mamlakatda gumanitar ahvol og’irlashib bormoqda. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, prezident Bashar al-Assadni qo’llab-quvvatlayotgan Rossiya Suriyada urush alanga olishiga hissa qo’shayapti.

Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashida prezident Assadni qoralovchi rezolyutsiyalarga bir necha bor veto qo’ygan. 25-may kuni Suriyaning Xula qishlog’ida 108 jasad topilgan edi, qariyb yarmi bolalar. AQSh, Turkiya va Qatar qatliomni qoralab, rezolyutsiya loyihasi bilan chiqqan. Voqeada qisman Suriya hukumatining ham aybi bor, deyiladi unda.

Rasmiy Damashq ta’biricha esa jinoyatni qurollangan oppozitsion guruhlar sodir etgan. Ular safiga qo’shilishdan bosh tortgan oilalardan shu tariqa o’ch olishdi, deydi rasmiylar. AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays bu da’voni “tuturiqsiz” deya ta’riflagan.

Bu orada, Britaniyada asoslangan huquq faollari Hims yaqinidagi Qusair shahrida peshanasidan otilgan 12 jasad topilgani haqida xabar tarqatdi.

Qatliomlar ro’y bergan Hims provinsiyasi muxolifat o’chog’i sanaladi. Kuni-kecha Ozod Suriya Armiyasi, ya’ni hukumatdan yuz o’girgan zobitlar prezident Bashar al-Assad sulhga amal qilmasa, hujumlarni qayta boshlaymiz, deya shart qo’ygan edi.

Hukumat lom-mim demagach, bugun poytaxt Damashq atrofida shiddatli janglar boshlangan. 15 oydan beri davom etayotgan qo’zg’olon, BMT hisobiga ko’ra, 13 mingdan ziyod odamning yostig’ini quritdi. Xalqaro hamjamiyat, jumladan biz ham tomoshabin bo’lib o’tiribmiz, deydi AQSh senatori Jon Makkeyn.

“Obama ma’muriyati olib borayotgan tashqi siyosat tishsiz. Yetakchilikni qo’lga olib, chora ko’rishimiz kerak”, - deydi u.

Nufuzli respublikachi qonunchi Suriya qurolli kuchlarini havodan nishonga olish va muxolifatni qurollantirish taklifini olg’a surib keladi. Ammo prezident Obama ma’qul ko’rayotgan yo’l – diplomatiya va sanksiyalar.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panettaning ta’kidlashicha, qay nuqtadan olib qaramang, Suriyadagi vaziyat o’ta murakkab. “Oson yechimning o’zi yo’q. Qat’iy pozitsiya va bosiqlik talab qilinadi”.

O’tgan yili NATO va arab davlatlarining qo’shma harbiy operatsiyasi natijasida Liviyaning 40 yillik rahbari Muammar Qaddafiy taxtdan ag’darilgan edi. Ammo aholi zich joylashgan Suriyada o’xshash strategiya ish bermaydi, deydi tahlilchi Aram Nerguzian.

“Minglab insonlar halok bo’lishi turgan gap. Bu esa og’ir gumanitar inqirozga olib keladi”, - deydi u. Nerguzian fikricha, Suriya muxolifatiga ham ishonib, ularning qo’liga qurol topshirib bo’lmaydi. Do’stni dushmandan ajratish qiyin. Qurol-yarog’ AQShga dushman guruhlar qo’liga tushib qolishidan qo’rqish kerak, deydi u.

“Dunyo hamjamiyati “bo’ldi, bas” deyishi uchun yana qancha odam o’lishi kerak?”- deb so’raydi senator Jon Makkeyn.

AQSh Mudofaa vazirligining javobi shuki, regiondagi vaziyat har kuni tahlil qilinib, turli ehtimoliy choralar muhokamada.

Suriyada vahshiyliklar davom etar ekan, xalqaro hamjamiyatning sabr-toqati yana qanchaga yetishi savol ostida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG