Suriyada namoyishlar, o'lganlar bor

  • Amerika Ovozi

Suriya armiyasi keng ko'lamli operatsiyalarni to'xtatgan, lekin ayrim joylarda otishmalar tinmayapti

Suriya armiyasi keng ko'lamli operatsiyalarni to'xtatgan, lekin ayrim joylarda otishmalar tinmayapti

Suriyada payshanba sulh kuchga kirganidan beri har yer-har yerda mayda to’qnashuvlar kechayotgani ma’lum. Bugun Hama va yana bir necha shaharda xavfsizlik kuchlari uch namoyishchini otib o’ldirgan. Isyonkor shaharlarda muxolifat ommaviy chiqishlar o’tkazmoqda. Hama markaziy maydoni tomon yo’l olgan odamlarni armiya o’qqa tutdi, deydi faollar.

Turkiya bilan chegarada Suriya harbiylari va isyonchilar to’qnashib, guvohlar qattiq otishmalar haqida so’zlamoqda.

Britaniyada asoslangan Suriyada Inson huquqlarini kuzatish guruhi hukumat Turkiya bilan chegaradosh shimoli-g’arbiy qishloqqa tanklar joylagan, deydi. Mahalliy aholi ham hududda og’ir artilleriya harakat qilayotganini tasdiqlagan.

Dar'o shahridan olingan surat, 13-aprel, 2012-yil

Dar'o shahridan olingan surat, 13-aprel, 2012-yil

BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annan rejasiga muvofiq, Suriya hukumati va namoyishchilar payshanbadan boshlab qurol qo’llamasligi kerak. Prezident Bashar al-Assad qurolli kuchlari esa shahar va qishloqlarni tark etishi shart. Lekin isyonchilar o’t ochsa, sulhga qaramasdan kurashamiz, deydi Assad.

Biroq Hamadan muxolifatchi Samir al-Husaynning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, bugungi janjalni askarlar boshlagan.

"Juma namozidan keyin tinch namoyishlar paytida odamlar hukumatga qarshi gaplar ayta boshlagani zahoti armiya o't ochdi", - deydi u.

BMT Xavfsizlik Kengashida bugun Suriyada kuzatuvchilar va tinchlikparvar qo’shinlar safarbar etish masalasi ovozga qo’yiladi.

Kofi Annan so’zlariga ko’ra, Suriya hukumati xalqaro kuzatuvchilarni mamlakatga kiritishga rozilik bergan. Annan fikricha, Assad ma’muriyati tinchlik rejasiga to’liq amal qilmayapti, lekin sulh harna kuchini saqlab qolayotgani muhim qadam.

BMT hisob-kitobiga qaraganda, mamlakatda bir yildan beri tinmayotgan qo’zg’olon va armiya siquvi natijasida 9 mingdan oshiq odam o’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG