Putin Suriyaga hujum oqibatlari haqida ogohlantirdi

  • Amerika Ovozi

Rossiya rahbari Vladimir Putin Suriyaga hujum oqibatlari haqida ogohlantirayapti. AQShning “Nyu-York Tayms” gazetasida yozgan maqolasida Putin bir tomonlama harbiy chora emas, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan maslahat qilib ish ko’rishga undaydi.

Uning so’zlariga ko’ra, AQSh havo hujumi zo’ravonlikni va terrorizmni avj oldiradi; Eron yadro dasturi va Isroil-Falastin mojarosini tinch hal qilish yo’lidagi sa’y-harakatlarga salbiy ta’sir qiladi.

Uning so’zlariga ko’ra, Suriyada isyonchilar kimyoviy qurolni qo’llab, shu tariqa chet davlatlarni urushga tortishni mo’ljallagan. Amerika nazarida esa o’tgan oy Damashq yaqinida zaharli gazni ishlatgan Bashar al-Assad hukumatidir.

Bu orada, Amerika bosh diplomati Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun Jenevada ko’rishib, Suriyaning ommaviy qirg’in qurolini nazoratga olish rejasini muhokama qilmoqda.

Amerika rasmiylarining aytishicha, maqsad mazkur rejaning qanchalik asosli ekani, uning ijrosi uchun zarur choralarni tekshirish. Kerri, shuningdek, bugun BMT-Arab Ligasining Suriya bo’yicha tinchlik elchisi Laxdar Brahimiy bilan uchrashadi.


Prezident Obama joriy haftada Rossiya olg’a surgan tashabbus – Suriya kimyoviy qurol-aslahasini yo’q qilish rejasini qo’llab-quvvatladi. Biroq diplomatiya samara bermasa, Amerika harbiy yo’l tutishga majbur bo’ladi, deydi prezident. U O’rta yer dengizida AQShning harbiy kemalari shay turibdi, deya ogohlantirmoqda.

Suriyaning ommaviy qirg’in quroli zaxirasi dunyoda eng yiriklaridan va mamlakatning har xil burchaklarida saqlanadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG