Breaking News

Suriya: Kim kimga qarshi va kim ularning ortida turibdi?


AQSh tomonidan quvvatlangan suriyalik jangchilar, Raqqa shahri shimolida
AQSh tomonidan quvvatlangan suriyalik jangchilar, Raqqa shahri shimolida

Suriya shimolida Turkiya tomonidan quvvatlangan jangari kuchlar va kurdlar orasida qonli urush avjida. Aslida maqsad Raqqa shahrini “Islomiy davlat” dan tortib olish, deydi vaziyatdan norozi AQSh rasmiylari.

6-noyabrdan beri 40 qishloq kurd jangchilar tomonidan terroristlardan tozalangan. Vashington bu amaliyotlarning homiysi.

Pentagon nazarida Raqqa va uning atrofida kurdlar olib borayotgan harakatlar samara bermoqda va ularni quvvatlashda davom etish lozim.

Amerika bu jangchilarni qurol bilan ta’minlamoqda, shuningdek, ularni havodan quvvatlamoqda. Yuzlab maxsus kuchlarni ham safarbar etgan. Kurdlardan tashqari turkman va arab jangchilar ham bor.

Raqqani “Islomiy davlat” dan tozalash operatsiyasi Musuldagi amaliyotlar bilan bir paytda ketmoqda. Nozik jarayon, deydi harbiy mutaxassislar, lekin puxta reja bilan har ikkisini terroristlardan tortib olish mumkin.

Lekin suriyalik arab jangarilar va kurdlar orasidagi to’qnashuvlar ishning beliga tepishi mumkin. Amerika ularni o’zaro nizolardan to’xtata oladimi?

Kurdlarga qarshi tomon ortida Turkiya turibdi. Raqqa - arablarning shahri, kurdlar bu yerda nima qilayapti, deya so’raydi Anqara rasmiylari. Ular fikricha, kurdlar terrorizmga qarshi kurashni bahona qilib, AQShdan katta yordam olmoqda va shu tariqa o’zining ayirmachilik faoliyatini mustahkamlamoqda. Turkiya hukumati vaziyatni aynan shunday talqin qiladi.

Istanbulda NATO yig’inida so’zlar ekan, Prezident Rajab Toyib Erdog’an kurd jangarilarni terroristlar deb atadi. AQSh esa Raqqada jonbozlik ko’rsatayotgan kurdlarga qahramon sifatida qaraydi. Bu kurdlar Turkiya hukumati bilan azaldan kurashib kelayotgan separatist kurdlardan farq qiladi, deya bildiradi Pentagon.

Erdog’an fikricha esa AQSh kim terrorist va kim terrorist emasligini farqlay olmay qolgan. AQShda yaqinda prezidentlikka saylangan Donald Tramp bilan telefonda gaplashgan Erdog’an Vashington bilan aloqalarni yaxshilashga tayyor. Lekin, deydi u, Pentagon o’z pozitsiyasini o’zgartirishi shart. Tramp deydiki, “Islomiy davlat” ni yo’q qilish - asosiy maqsad.

Turkiyaning xavotiri shuki, Suriyada kurdlar o’z mustaqil davlatini tuzishga harakat qiladi va Amerika ularni quvvatlashi mumkin. Suriya shimolida kurd o’lkasi vujudga kelishi Turkiya xavfsizligi uchun ulkan tahdid hisoblanadi.

Turk havo kuchlari chegaradan turib “Islomiy davlat” ning 17 nuqtasini, kurdlarning esa 11 obyektini nishonga olgan. Terroristlarga tegishli yana 60 maskan vayron qilindi, deydi turklar.

Halabga yaqin qishloqlar alanga ostida. Arablar va kurdlar orasidagi janglar “Islomiy davlat” ga qarshi harakatlar yo’lida to’siq. Biroq Turkiya bir paytning o’zida ikki quyonni o’ldirmoqchi: “Islomiy davlat” va kurd jangarilarni. Bir tomonda AQSh quvvatlagan kuchlar, ikkinchi tomonda esa Turkiya homiyligidagi maxsus operatsiyalar.

Pentagon Anqaradan g’azabda. Turkiya xalqaro koalitsiya bilan kelishib ishlashi kerak, deydi rasmiylar.

Halab esa Rossiya va Suriya havo hujumlari ostida. Damashq Turkiya uning hududida harbiy harakat olib borayotganidan norozi. “Islomiy davlat” ga qarshi kurashni bahona qilib, qo’shni davlat maxsus kuchlarini Suriyaga kiritgan va bu adolatsizlikdir, deya bildiradi Prezident Bashar al-Assadning idorasi. Hukumat Amerika rolini ham qoralab keladi, Vashington esa Rossiya rolini. Urushning oxiri ko’rinmayapti.

Bir tomonda isyonchilar Suriya hukumatiga qarshi kurashda. Boshqa tomonda esa qator jangari guruhlar “Islomiy davlat” bilan urushda. Amerika va Turkiya quvvatlovidagi to’dalar nafaqat terroristlarga qarshi balki o’zaro urushayotgani ham vaziyatni kun sayin murakkablashtirmoqda. Jabrni esa mahalliy aholi tortadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG