Breaking News

Suriya isyonchlarini harbiy tayyorgarlikdan o’tkazish rejada


AQSh Kongressida Suriya muxolifati a’zolarini, isyonchilarni harbiy tayyorgarlikdan o’tkazish taklifi muhokamada. Agar loyiha ovozdan o’tsa, mashqlarni qo’shni Iordaniyada olib borish ko’zlanmoqda.
Suriya isyonchlarini harbiy tayyorgarlikdan o’tkazish rejada/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00
Yuklab oling

AQSh suriyalik isyonchilarga avval ham maxfiy tarzda ko’maklashgan.

Endi esa madad ko’lamini oshirish va ularni harbiy treningdan o’tkazish taklifi ko’rib chiqilmoqda. Bu ishlarni oshkora bajargan ma’qul deb chiqayotganlardan biri senator Linzi Grem prezident Barak Obama huzurida bo’ldi.

“Muxolifatni oyoqqa turg’azish bo’yicha puxta bir reja shakllanyapti. Regiondagi davlatlar ham unga hissa qo’shadi: Saudiya Arabistoni, Turkiya, Iordaniya va Fors ko’rfazidagi bir qancha boshqa mamlakatlar”, - deydi u.

AQSh qo’shinlari allaqachon Iordaniyada joylashtirilgan, u yerda mashqlar o’tkazib keladi.

AQSh Suriyadagi tuzumga qattiq zarba berishga shay, lekin maqsad prezident Assadni ag’darish emas, deya uqtiradi rasmiylar.

AQSh qurolli kuchlari bosh shtabi qo’mondoni general Martin Demsi Kongressda so’zlar ekan, Suriyadagi oppozitsion guruhlar malakasini oshirsak, ular Assadni yengishga qodir bo’ladi, deya ishonch bildirdi.

“Mojaroni hal qilishning bir yo’li shu – muxolifatni puxta tayyorgarlikdan o’tkazish kerak. Bu ishni bizga qo’yib bering”, - deydi general.

Amerika Yaqin Sharqda yana bir uzluksiz mojaroga bosh suqadimi degan bahslar avjiga chiqqan bir mahalda Pentagon isyonchilar uchun mo’ljallangan trening dasturi haqida hozircha lom-mim demayapti.

“Tafsilotlar haqida hozircha hech narsa deya olmayman. Lekin har qanday vaziyatga tayyormiz. Mintaqadagi ittifoqchilardan ham maslahat olayapmiz”, - deydi Pentagon so’zlovchisi Jorj Littl.

Isyonchilar esa AQSh va’da qilgan kichik qurollar va harbiy anjomlar bizga yetib kelmadi deya norozi.

Sabab oddiy, deydi tahlilchi Maykl Oxanlon. Bu ko’mak ekstremistlar qo’liga tushmasligini ta’minlash kerak.

“Suriyada isyonchi guruhlar soni mingdan oshib ketdi, qaysi biriga qurol tutqazishni bilmaysan kishi. Harbiy trening haqida gapirganda, ehtimol bu guruhlarni yagona bir tashkilotga birlashtirish va markaziy boshqaruv tuzish kerakdir”, - deya mulohaza yuritadi ekspert.

Isyonchilar hukumat askarlarini asirga olib, qatl etishga shay turgan tasvirlarga nima deysiz? 2012-yilda tushirilgan videoni “Nyu-York Tayms” gazetasi qo’lga kiritib, yaqin ommaga havolga etdi.

AQSh oldida murakkab qarorlar: pinhona usullar orqali ishni davom ettiradimi yoki isyonchilarga ochiq-oydin yordam qo’lini cho’zadimi?
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG