Amerikaga kelayotgan suriyalik qochoqlar soni oshgan

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar shu yilning oktabrigacha butun dunyodan 85 ming qochoqni bag'riga olmoqchi. Shundan 10 ming nafari Suriyadan keladi.

Hozirgacha suriyalik 4 ming qochoq Qo'shma Shtatlarga yetib keldi, aksariyati Illinoys shtatidan qo'nim topdi. Bu davlatga qadam qo'ygandan keyin ham ular tinchlik, barqarorlikka yetdi degani emas.

Chikagoda yashayotganiga ikki hafta bo'lgan Hasna Marza va uning sakkiz yashar qiziq Samaa uzra osmon yorishib ketdi.

"Mustaqillik kunida mushakbozlik qilishdi, portlash deb o'yladik, juda shovqin-suron bo'ldi. Qo'rqib uydan chiqmay o'tirdik. Keyin mushakbozlik ekaniga ishonch hosil qilib, qizimga ham derazalarni ochib ko'rsatdim. Biz Suriyada emasmiz endi", - deydi Hasna.

Ular Damashq yaqinida yashashgan. O'shanda to'rt yashar bo'lgan Samaada ruhiy asorati qoldi.

Suriyadan qochishga uchinchi bor urinishida Hasna va Samaa Misrga chiqib keta oldi. Amerikaga kelishlarini bir necha yil kutishdi.

Melina Kano "Refugee One" nomli nodavlat tashkilotini boshqaradi, Hasna va uning qiziga o'xshagan qochoqlarga yordam beradi. Kano ularni tushunadi. O'zi 1980-yillarda Eronda bosh olib ketgan armanlardan edi.

"Qochoqlar ruhan, jismonan nihoyatda zaif bo'ladi. Ular darrov yangi muhitga ko'nikib keta olmaydi", - deydi Kano.

Ana shunday holatlarda "Refugee One" kabi agentliklar ularning dardiga malham bo'ladi, yashashga joy, ish topishda yordam beradi va boshqa muammolarni hal qilishda ko'maklashadi.

Tashkilot hukumatning madadi va xususiy donorlarning puliga tayanadi.

"Oltmish oilani joyladik", - deydi Kano. Oktabrgacha 150 oilani uyli-joyli qilishmoqchi.

Hasna Marza ingliz tilidan darslar olayapti.

Uning turmush o'rtog'i Suriyada urush boshlanishidan oldin vafot etgan. Boshqa oila a'zolari hali ham urush ketayotgan vatanda yashaydi. Ular ham Amerikaga keladigan kunni intizorlik bilan kutayapti.

Suriyadagi urushdan qochgan salkam besh million odam BMTning Qochoqlar bo'yicha oliy kommissariatida ro'yxatdan o'tgan. Bir foizdan kami AQShga kelishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG