Suriya shimoli-g’arbini askar bosdi, aholi qochmoqda

  • Amerika Ovozi

Hukumat mushtidan qo’rqqan 8,500 suriyalik qo’shni Turkiyada jon saqlamoqda

Hukumat mushtidan qo’rqqan 8,500 suriyalik qo’shni Turkiyada jon saqlamoqda

Huquq faollarining aytishicha, Suriya shimoli-g’arbida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Idlib viloyati Xon Shayxun shahriga tanklar, tish-tirnog’igacha qurollangan askarlar tortilgan. Prezident Bashar al-Assad mart oyida boshlangan namoyishlardan asar ham qoldirmoqchi emas, deydi faollar.

G’arb davlatlari Assad xatti-harakatlarini tanqid qilmoqda. Hukumat mushtidan qo’rqqan 8,500 suriyalik qo’shni Turkiyada jon saqlamoqda. Bosh vazir Rajab Toyip Erdog’an Suriya hukumatidan bosim va zulmni bas qilishni so’rab, sabr-toqatimiz tugab bormoqda, deya ogohlantirgan.

AQSh Davlat departamenti ham Assadni savolga tutib, “fuqaroga qarshi shafqatsiz choralarni tugating” deya talab qilgan.

Chorshanba kuni yuzlab suriyaliklar shimoldagi Maarat al-Numon shahridan qochgan. Faollarning aytishicha, askarlar hududni o’qqa tutib, qishloqlarni kezib, o’nlab odamlarni qamoqqa olgan.

Hukumat vakili, general-mayor Riad Hadad shahar tevaragiga askarlar safabar etilgani haqidagi xabarni tasdiqlamoqda. Sharqda, Iroq bilan chegaradosh al-Bukamol shahri ham armiya qurshovida.

Arab Ligasi ham a’zo davlat Suriyada hukumat xatti-harakatlaridan norozi.

Suriya nazarida bu tanqidlar asossiz va liga namoyishlar ortidagi xorij fitnasini ko’rishga ojizlik qilmoqda.

Mamlakat Arab Ligasidan vaqtincha chetlatiladi degan taxminlar bor. Mart oyida tashkilot yana bir a’zo – Liviyani yakkalab, Muammar Qaddafiyga qarshi reydlarni qo’llab-quvvatlagan edi.

Biroq 22 davlat a’zo bu guruh keraksiz, arab dunyosidagi o’zgarishlarga nomunosib tashkilot deya tanqid ostida. Qarorgohi Misr poytaxti, namoyishlar o’chog’iga aylangan Qohiradan sal narida, lekin inqilob ruhi korrupsiyaga botgan Arab Ligasiga mutlaqo yot, deydi faollar.

Bu tashkilotga raqib sanalmish Fors ko’rfazi hamkorlik kengashi, aksincha, faol. Kengash Yamandagi qo’zg’olonda muxolifat va hukumat o’rtasida vositachilikni eplayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG