Istanbulda Suriya muxolifat radiosi ish boshlagan


Siriyalik ayol farzandlari bilan Turkiya chegarasi yaqinidagi qochqinlar lagerida boshpana topgan.

Siriyalik ayol farzandlari bilan Turkiya chegarasi yaqinidagi qochqinlar lagerida boshpana topgan.

Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan beri bir milliondan ziyod odam qo’shni Turkiyaga qochib o’tdi. Aksariyati chegara yaqinida joylashgan qochqinlar lagerlarida yashaydi, boshqalari esa Istanbul kabi katta shaharlarni afzal ko’rmoqda. Istanbulda hozir 200 mingga yaqin suriyalik qochqin borligi aytiladi. Ularning ba’zilari Yevropada ish izlamoqda. Boshqalar uchun esa shahar prezident Bashar Assadga qarshi harakat markaziga aylangan. Istanbulda hatto muxolif radio stansiyalar ham ish boshlagan.

“Al-Kul” radiosi Istanbul tijoriy markazidagi binodan Suriyaga dasturlar uzatadi. Radiostansiyaga asos solgan Obi Sukkarga ko’ra, mustaqil radioni maxfiy peredatchiklar tarmog’i orqali 100 mingga yaqin odam eshitadi.

Sukkar Suriyadan qochgani haqida hikoya qiladi. Rafiqasi shifokor, Suriyada muxolifat vakillarini ham davolagan. Hukumatga bu ma’lum bo’lganidan keyin Sukkarlar mamlakatdan qochishga majbur bo’ldi. Istanbulga bitta chamadon bilan keldi.

“Turkiyada ahvolimiz yaxshi. Odam kabi yashashimiz uchun sharoit bor. Bizga odamlarning rahmi kelsin demaymiz, shunchaki normal hayot kechirmoqchimiz,” - deydi Sukkar.

Radiostansiyasi uchun unga mablag’ni badavlat suriyaliklar beradi. Shu sababli uning oilasi Istanbulda qiynalmadi. Ammo boshqalar uchun hayot oson emas.

Istanbulning Fotih dahasidagi masjidda suriyalik qochqinlarga ovqat va boshqa yordam tarqatiladi. Ikki bolaning onasi Oysha “kunimni zo’rg’a ko’raman” deydi.

“Akamni jihodchilar o’g’irlab ketganidan keyin Suriyadan qochishga majbur bo’ldik. Butun mintaqa shu qadar notinch, xavfliki”, - deydi u.

Oysha qochqinlar lageriga borishni istamadi.

“U yer qamoqqa o’xshaydi deyishdi menga. Tashqariga chiqish mumkin emas ekan. Istanbulda ish topish niyatidaman, balki Yevropaga ko’charman. Lekin hamma narsa juda qimmat”, - deydi bu ayol.

Shahar bog’lari va tijoriy ko’chalarida ko’plab suriyalik tilanchilarni ko’rsa bo’ladi.

Hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi yordamida faoliyat yurituvchi “Gumanitar yordam” islomiy xayriya tashkiloti rahbari Bulent Yildirim qochqinlarning ba’zilariga tanqidiy qaraydi.

“Ko’chalarda qochqinlarni ko’rsangiz, bizga qo’ng’iroq qiling, ularni hukumatga qarashli lagerga olib boramiz, deymiz. Lekin gap shundaki, ularning lagerga borgisi yo’q. Ayrimlari tilamchilikka o’rganib qolgan,” - deydi Yildirim.

Ba’zi kuzatuvchilar suriyalik qochqinlarning Turkiya ko’chalarida ko’payayotgani hukumat obro’siga putur yetkazadi, deydi.

“Adolat va taraqqiyot” partiyasi Suriya muxolifatini qo’llab-quvvatlaydi, Assad rejimi uzoqqa bormaydi deya bashorat qilgan.

​Qadri Gursel Turkiyaning “Milliyet” gazetasi muxbiri. Qochqinlarning ko’payishi hukumat siyosatining noto’g’riligidan dalolat, deydi u.

“Hukmron partiyaning tashqi siyosati puchga chiqdi, chunki Suriya masalasi bilan shug’ullanishga ko’p pul ketmoqda. Qochqinlar katta boshog’riq bo’ldi bizga. Mamlakatimizda salkam bir million suriyalik qochqin bor. Ularni nima qilishni bilmayapmiz. Bu tanazzul yillar, balki 10 yil, balki undan-da uzoq davom etishi mumkin,” - deydi jurnalist.

“Al-Kul” radiosi dasturlari asosan Suriyaga uzatiladi. Turkiyada suriyalik qochqinlar ko’payar ekan, stansiya asoschisi eshittirishlarni bu mamlakatda ham tinglash imkonini yaratamiz, deydi.
XS
SM
MD
LG