BMT: Suriya qochqinlari soni 1,3 miliondan ko'p

  • Amerika Ovozi

BMT qochqinlar agentligining ma’lum qilishicha, Suriyadagi ichki urush oqibatida 1,3 million odam qo’shni mamlakatlarga qochib o’tgan. BMTning qochqinlar masalalari bo’yicha bosh komissarligi agar mojaroning siyosiy yechimi topilmasa, shu yil oxirigacha bu raqam uch baravar ko’payishidan ogohlantirmoqda.


BMT qochqinlar agentligining bildirishicha, Suriyadan kuniga 8000 odam qo’shni mamlakatlarga qochib o’tmoqda.

Tashkilotning Suriya qochqinlari koordinatori Panos Mumtzisga ko’ra, Iordaniya, Livan va Turkiyada ro’yxatga olingan suriyaliklar soni 1,3 millionga yetgan. Aslida qochqinlar soni bundan ziyod, chunki ro’yxatdan o’tmaganlar ko’p, deydi u.

“Bu juda katta raqam. Bundan 12 oy avval qochqinlar soni 30 mingga teng edi. Demak 12 oy ichida 30 ming odamdan 1 million 300 mingga yetdi. Bu biz 2013-yil iyuligacha rejalashtirganimizdan 120 foiz ko’p. Suriyadan qochayotganlarning to’rtdan uch qismi ayollar va bolalardir”, - deydi rasmiy.

Qochqinlar soni oshar ekan, ular uchun ajratilgan mablag’ o’sha-o’sha, deydi BMT vakili. Suriyaliklarga yordam berish maqsadida iyun oyigacha bir milliard dollar va’da qilingan edi. Biroq shu paytgacha bu mablag’ning uchdan bir qismi ajratilgan, xolos.

Shunga qaramay, tashkilot yanvardan boshlab qochqinlar lagerlaridagi xodimlar sonini ko’paytirdi, ko’rsatilayotgan tibbiy xizmatlar, ajratilayotgan oqiz-ovqat va suv hajmi oshirildi, sanitariya-gigiyena sharoitlari yaxshilandi. Shuningdek, odamlarga boshpana berilib, qochqin bolalar uchun maktablar tashkil etilgan.

“Gumanitar faoliyatni kuniga 24 soat, ya’ni beto’xtov amalga oshiryapmiz. Xodimlarimiz kechayu-kunduz ishlaydi, chunki odamlar chegarani har kuni, har soatda kesib o’tadi. Lekin mablag’ bizga tezda yetib kelmasa, ishimizni to’xtatishga majbur bo’lamiz. Pul ma’nosida marraga yetdik”, - deydi qochqinlari koordinatori Panos Mumtzis.

Qochqinlar lagerlarida odam me’yordan ancha ko’p, yangi palatkalar o’rnatish kerak, deydi u.

Shu yil boshida Quvaytdagi xalqaro anjumanda Suriya qochqinlariga yordam tariqasida davlatlar 1,5 milliard AQSh dollari va’da qilgan edi. Bu mablag’dan hozirgacha 400 millioni BMT agentligigacha yetib keldi, xolos. Va’dasini bajarganlar – G’arb mamlakatlari. Arab davlatlari esa hozircha va’dasi ustidan chiqqanicha yo’q, deydi BMT rasmiysi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG