Rossiya harbiy samolyotlari Halabga 400 dan ortiq bomba tashladi

  • Amerika Ovozi

Halab, Suriya

Halab, Suriya

Suriya shimolidagi muxolifkuchlar bir haftadan buyon Rossiya harbiy samolyotlari zarbalariga duchor bo'lmoqda. Boshqa tomondan Prezident Assadning piyoda qo'shinlari ham hujumga zo'r bermoqda. Tunnel va yerto'lalarda jon saqlayotgan muxolif kuchlar ochiq janglarda qatnashishni to'xtatgan.

20 yoshli Ahmad voyaga yetishi bilan janglarga qo'shildi. Ammo hayot borgan sari og'irlashib boryapti. So'nggi to'rt kunda Halabga 400 ta bomba yog'ildi. Assad kuchlari ham hujumga zo'r bermoqda. Natijada u boshqa yuzlab quroldoshlari bilan yer osti tunnellariga yashirindi.

Ahmadning aytishicha, jangchilar tushkun holatda. Qo'mondonlar ularning kayfiyatini ko'tarishga urinmoqda. Ozod Suriya armiyasi bilan hamkorlikda mo'tadil guruhlarni birlashtirib, yangi Halab armiyasi tuzilishi mumkinligi haqida ham gaplar bor.

Samolyotlar bomba yog'dirishni bir muddat to'xtatganda, kurashayotgan tomonlar bo'y ko'rsatib, o'zaro to'qnashib turdi.

"Birinchi kun janglar oson bo'ldi. Keyin ikkinchi va uchinchi kunlar juda qiyin kechdi. Ko'p odamlarni, do'stlarimizni boy berdik", - deydi Ahmad.

To'rtinchi kunchi? To'rtinchi kun Rossiya samolyotlari uch kilometrlik maydonni yer bilan bitta qildi. Ahmad shu kuni jang maydonida edi. 400 dan ziyod bomba tushdi, deydi u.

Jangchilar va oddiy aholi oldindan qurilgan maxsus tunnel va yer osti boshpanalariga qochib kirdi. Portlashlarni eshitib o'tirdik, deydi Ahmad. Ustimizga hamma narsa yog'ilayotgan edi: raketalar, bochkali bombalar, minalar va hatto kasseta bombalari, deydi yigit.

Ahmad hali soqoli ham chiqmagan o'spirin. Boshidan o'tganlarni aytib berar ekan, qo'lida sigareta buruqsaydi. To'rtinchi kun nega jang maydonini tark etgani haqida so'raymiz. U jim, uzoq sukunat saqlaydi.

Nihoyat u Nur al-Din al-Zenki guruhidan yana 100 odam bilan ortga chekinganini aytadi. Qo'rqqanimiz uchun emas, balki bizga xiyonat qilishgani uchun qaytdik, deydi u. O'zlarini Suriya do'stlari deb atagan hamma - AQSh, G'arb va Fors ko'rfazi davlatlari va hatto o'z qo'mondonlarimiz bizni tark etdi, deydi Ahmad.

Unga ko'ra, hozirgi sharoitda Ozod Suriya armiyasi guruhlari, islomiy brigadalar va Al-Qoidaga aloqador Jabhat al-Nusra guruhi o'zaro tafovutlarni ortga surib, birlashishi kerak. Ammo bunga endi kech bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG