Agar Rossiya hujumlarni bas qilsa, Suriya muxolifati sulhga rozi

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi muxolif guruhlar koalitsiyasi vaqtinchalik sulhga ko'nishi mumkin, ammo quyidacha shart qo'ymoqda: Rossiya va Suriya armiyasi ham janglarni to'xtatishi darkor.

Saudiya Arabistonida majlis qilgan oppozitsion guruhlar Rossiyaning Assad hukumatiga ko'magini qoraladi. AQSh va boshqa davlatlar nazarida, rus samolyotlari Suriyada "Islomiy davlat" to'dasini emas, asosan muxolifatni o'qqa tutmoqda.

Rossiya avvalgi bayonotlarida sulh kuchga kirgan taqdirda ham "terrorchilar"ga qarshi amaliyot davom etishini bildirgan. Assad hukumatiga qarshi qurol ko'targan barcha guruhlarni Kreml shunday tamg'alaydi.

Bu orada, Rossiya Turkiyadan Suriyadagi harbiy amaliyotlarini bas qilishni talab qilib, BMT Xavfsizlik Kengashiga rezolyutsiya bilan chiqdi, biroq hujjat ovozdan o'tmadi.

Kengashning Venesueladan tashqari barcha a'zolari rezolyutsiya matnini rad etgan. Unda Turkiya Suriyaga piyoda qo'shin kiritishi mumkinligi yuzasidan xavotir bildirilgan.

"Biz Suriyada barqarorlikni ta'minlashga, terrorizmni yo'q qilishga, Suriyaning yaxlitligini saqlashga qaratilgan shaffof siyosat olib borayapmiz", deyiladi Rossiya e'lon qilgan bayonotda.

Vashington va Moskva bu davlatda janglarni to'xtatishga qaratilgan muzokaralarni boshlab yubordi. Shu maqsadda BMT shafe'ligida tuzilgan maxsus guruhga AQSh va Rossiya boshchilik qiladi. Hozirgi eng muhim vazifalardan biri - Suriyaga ko'proq gumanitar yordam yetib borishini ta'minlash.

Shunda muxolif guruhlar ham hukumat bilan sulhga erishish bo'yicha muzokaralarda qatnashishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG