Karter: Rossiya tez kunda Suriyada talafotlar ko'ra boshlashi mumkin

  • Amerika Ovozi

Eshton Karterning so'zlariga ko'ra, raketalar qaramay-netmay, kutilmaganda otilishi Amerika boshchiligidagi koalitsiyaning askarlari va aslahalariga xavf solishi mumkin.

Eshton Karterning so'zlariga ko'ra, raketalar qaramay-netmay, kutilmaganda otilishi Amerika boshchiligidagi koalitsiyaning askarlari va aslahalariga xavf solishi mumkin.

Amerika mudofaa vazirining aytishicha, Rossiya Suriyaga yog'dirayotgan, biroq nishonga doim ham yetmayotgan raketalari asoratini tez orada o'zida sezadi.

"Rossiya o'ziga hujumlar qilinishidan hayiqib keladi, bu asosli xavf. Buning ustiga, ruslar tez kunda Suriyaning o'zida ham talafotlar ko'ra boshlashi mumkin", - deydi Pentagon rahbari Eshton Karter.

Rossiya Mudofaa vazirligi da'vosicha, raketalar bitta qolmay Suriyada "Islomiy davlat" nomli to'daning manzillariga tekkan.

Lekin Eshton Karterning so'zlariga ko'ra, raketalar qaramay-netmay, kutilmaganda otilishi Amerika boshchiligidagi koalitsiyaning askarlari va aslahalariga xavf solishi mumkin. Koalitsiya ham "Islomiy davlat" guruhiga qarshi olishmoqda.

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan payshanba kuni telefonda gaplashib ham ana shu xavotirni ko'targan.

Rossiya Suriya rahbari Bashar al-Assadning azaliy ittifoqchilaridan. Amerika Prezidenti Barak Obamaning aytishicha esa Suriya fuqarolar urushidan omon chiqqanidan keyin ham Assadga bu yurt kelajagida joy yo'q.

Bu orada, Obama ma’muriyati Pentagonning Suriyadagi isyonchilarni mashqdan o’tkazib, jihozlashga qaratilgan 500 million dollarlik dasturiga tuzatish kiritadi.

Avvalgi rejada murosaga moyil isyonchilarni tekshiruvdan o’tkazib, ularni Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarida mashqdan o’tkazish ko’zlangan edi.

Hozircha buni to’xtatib turamiz, deydi Mudofaa vazirligidan Kristin Vormut.

O’rniga programma muxolif guruhlar yetakchilarini qo’llab-quvvatlab, jihoz va treninglar bilan ta’minlashga urg’u beradi, deydi Oq uy rasmiylari. Jangchilar emas, muxolifatchi yetakchilar bilan ishlaymiz, deydi Vormut.

Pentagon Turkiyadagi kichik markazlarda bu muxolifat vakillari bilan ishlab, malakasini oshiradi, havodan yordam chaqirishni o’rgatadi. Ishonchli guruhlarga “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurashda aslaha-jihozlar yetkaziladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG