Turkiya chegarasi va Suriya shimolida "xavfsiz zona" yaratiladi

  • Amerika Ovozi

Turkiya-Suriya chegarasi

Turkiya-Suriya chegarasi

Bugun Bryusselda Turkiya iltimosiga ko'ra NATO yopiq eshiklar ortida favqulodda majlis o'tkazdi. Alyansga a'zo 28 mamlakat elchilari Iroq va Suriyadagi vaziyatni muhokama qilib, Turkiyaning Kurdiston ishchilar partiyasi va "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi harakatlariga siyosiy xayrixohlik bildirdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an terrorga qarshi kurashda ortga chekinish bo'lmaydi, degan. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg esa Turkiya bilan birdammiz, terrorizm NATO davlatlari xavfsizligiga tahdid, dedi.

Anqara o'tgan haftadan beri Iroq shimolida kurd jangarilari, Suriyada esa "Islomiy davlat" pozitsiyalarini havodan nishonga olib kelmoqda. AQSh Turkiya harakatlarini olqishladi. Ikki mamlakat "Islomiy davlat"ga qarshi hamkorlikda kurashmoqchi.

Qo'shni davlatda jangarilarning yurishiga bir necha oydan beri aralashmay kelgan Turkiya o'tgan hafta Suruch shahrida ro'y bergan terror xurujidan so'ng harbiy kampaniya boshladi.

Anqara AQShga Injirlikdagi harbiy-havo bazasidan foydalanishga nihoyat ruxsat berdi. Shu kungacha AQSh samolyotlari Suriya shimolidagi jangarilarni o'qqa tutish uchun Iroqdagi aerodromlardan havoga ko'tarilar edi, endi masofa ancha qisqaradi.

Turkiya hukumatining ma’lum qilishicha, Anqara va Vashington Suriya shimolining bir qismini birgalikda qo’riqlashga kelishib olgan. AQSh rasmiylari yangilikni tasdiqlayotgan bo’lsa-da, bufer zonaning qanday shaklda bo’lishi borasida tomonlar hali kelisha olgani yo’q.

Rejaga ko’ra, 400 kilometrlik Turkiya-Suriya chegarasining 110 kilometri hamda Suriya ichkarisiga 65 kilometrgacha bo'lgan hudud xavfsiz zona deb belgilanadi. Biroq AQSh rasmiylari "xavfsiz zona" atamasini qo'llamayapti.

Mintaqa hozir “Islomiy davlat” nazoratida bo'lib, ikki tomondan Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilari ushlab turayotgan hududlar orasida joylashgan.

Turkiya va Amerika rasmiylarining aytishicha, koalitsiya kuchlari havo hujumlari yordamida jangarilarni hududdan siqib chiqarib, uni Prezident Bashar Assadga qarshi kurashayotgan kuchlar ixtiyoriga topshiradi.

Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto’g’lining “Hurriyet” gazetasiga aytishicha, AQSh va Turkiya harbiy samolyotlari isyonchilarni nafaqat “Islomiy davlat” jangarilaridan, balki Assad rejimi kuchlaridan ham himoya qiladi.

"Islomiy davlat"dan xoli hudud

AQSh rasmiylariga ko'ra, amaliyotdan maqsad "Islomiy davlat"dan xoli hudud yaratish va Turkiyaning Suriya bilan chegarasini yanda xavfsizroq va barqarorroq qilish.

Anqara hudud uzra Suriya harbiy samolyotlari parvozini taqiqlashni ham talab qilgan edi, biroq Vashington bu taklifni olqishlamayapti. Qo'shma Shtatlar bu bilan mojaroga chuqurroq tortilishni istamaydi.

Turklar tilga olgan xavfsiz zona nafaqat “Islomiy davlat” uchun muhim bo’lgan strategik joylarni, balki Suriya kuchlari tomonidan nishonga olingan Al-Bab kabi shaharlarni ham o’z ichiga oladi. Demak, Bashar Assad armiyasi bilan to’qnashuvga kirishish ehtimoli ham bor.

Turkiya: Qochqinlar uchun hudud

Turkiya rasmiylari Suriya shimolidagi hududda suriyalik qochqinlarni saqlashni ko’zlamoqda.

Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g’liga ko'ra, uyini tark etgan odamlar shu xavfsiz hududlarga joylashtirilishi mumkin.

Bosh vazir Dovuto'g’lining jurnalistlarga aytishicha, Anqaraning AQSh boshchiligidagi koalitsiyaga qo’shilmay kelganining sababi shundaki, Turkiya nafaqat jangarilarning, balki Assad kuchlarining ham nishonga olinishini xohlaydi va parvozlar taqiqlangan zona barpo etish tarafdori.

Anqara va Vashington tilga olingan hududda qaysi isyonchi guruhlarni qo'llab-quvvatlashga kelishgani hozircha noma'lum. Suriyalik kurdlarning ishtiroki bo'yicha ham mavhumlik mavjud. Kurd yetakchilari xavfsiz zonada sunniy arab guruhlari nishoniga aylanishdan xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG