Yevropa Ittifoqi Suriya rahbarining rafiqasini qora ro’yxatga qo’shdi

  • Amerika Ovozi

Suriyada armiya va isyonchilar o’rtasida olishuv davom etar ekan, Yevropa Ittifoqi prezident Bashar al-Assadga sodiq rasmiylar va uning oila a’zolari, jami 12 kishini qora ro’yxatga qo’shdi.

Ular orasida prezidentning rafiqasi, britaniyalik Asma al-Assad ham bor. Bu shaxslarning bank-hisob raqamlari muzlatiladi, qit’a bo’ylab erkin safar qila olmaydi.

Ammo Asma al-Assad Britaniya fuqarosi ekani bois bu mamlakatga bemalol kirib-chiqishi huquqiga ega.

Bryusselda o’tgan yig’inda so’zlar ekan, Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg Suriya hukumatini qotillikda aybladi. “Bu vahshiy rejimga diplomatik va iqtisodiy bosimni davom ettirish shart”, - deydi u.

Sanskiyalar ertaga kuchga kirgach, qo’ra ro’yxatga kiritilgan rasmiylarning ism-sharifi va lavozimi e’lon qilinadi.

Bu orada, Suriya bo’ylab olishuvlar davom etyapti. Faollarning aytishicha, Turkiya bilan chegaradagi Azaz shahri va Hims nishonda. Kecha 60 kishi halok bo’lgan.

Arab Ligasi va BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili, mojaroni muloqot orqali hal qilishga urinayotgan Kofi Annan Xitoy va Rossiyaga otlanmoqda. Bu ikki davlat Suriyaning eng yaqin ittifoqchilari.

BMT ma’lumotiga qaraganda, bir yillik qo’zg’olonda 8 mingdan ziyod odamning yostig’i qurigan. “Suriyaning do’stlari” nomini olgan davlatlar, jumladan AQSh, 1-aprel kuni Istanbulda yana bir yig’ilish rejalamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG