Britaniya Suriya muxolifatiga madadni oshiradi

  • Amerika Ovozi

Suriya armiyasi mamlakatning ikkinchi eng yirik shahri Halabni har tomondan qurshovga olmoqda. Isyonchilar chekinar ekan, kecha ayrim hududlar hukumat nazoratiga o’tdi.

Bu orada, Eron Suriya mojarosini hal etish bo’yicha xalqaro anjumanga mezbonlik qilayapti. AQSh esa Suriya hukumati va uni quvvatlayotgan guruhlar, jumladan Hizbullohga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga hozirlik ko’rmoqda.

Isyonchilarni siqib chiqarish uchun Halab janubidagi mahallalar tanklar bilan, shuningdek, havodan nishonga olinyapti. Prezident Bashar al-Assadga sodiq kuchlar Salohiddin tumanining bir qismini egallab olgach, muxolifat shimol tomon chekinishga majbur.

“Al-Jazira” telekanaliga ko’ra, raketa bilan otilgan granatalarga chidamli, T-82 rusumidagi yangi tanklar hukumatga qo’l kelmoqda. Oppozitsiyadagi qo’mondonlar o’q-dori ozligidan shikoyat qiladi.

“Bizga xalqaro yordam havodek zarur, Suriyada qirg’inni to’xtatish kerak”, - deydi qo’mondonlardan biri Malik al-Kurdiy.

“Oxirigacha kurashamiz, lekin Ozod Suriya armiyasi prezident gvardiyasiga bas kela olmaydi”, - deydi u.

Britaniya Suriya muxolifatiga 8 million dollarga teng aloqa vositalari, bronejiletlar va dori-darmon yetkazishini e’lon qildi, ammo qurol-yaroqqa bir tiyin ham ajratilmaydi. Yaha bir shart shuki, isyonchilar huquq normalariga amal qilishi darkor.

“Suriyaning bo’lajak rahbarlari bilan hozirdan aloqa o’rnatish kerak”, - deydi Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg.

Ayni damda Suriyaning qator shaharlari, xususan Hims, Rastan, Deir Ezzor va Dar’o ham tinimsiz o’qqa tutilmoqda. Mahalliy matbuotga ko’ra, xorijga qochgan Bosh vazir Riad Hijob o’rniga yangisi tayinlangan.

G’arb diplomatiyadan umidini uzay deb turgan bir paytda, Eron yangi tashabbus bilan chiqdi. Rossiya, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Iroq va Lotin Amerikasi davlatlaridan diplomatlarni bir joyga to’plab, xalqaro anjuman o’tkazmoqda.

“Suriyadagi krizisni faqat muloqot va murosa yo’li bilan hal qilish mumkin. Biz vositachi bo’lishga tayyormiz. Tashqi kuchlar o’z amrini o’tkazishga harakat qilmasin”, - deydi yaqinda Anqaraga safar qilgan Eron Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiy.

Vashington va unga ittifoqchi davlatlar Tehron konferensiyasida qatnashmayapti.

“Shunchaki omma diqqatini chalg’itishga qaratilgan tomosha bu”, deydi ular.

Siyosatshunos Skot Lukas fikricha, azaliy ittifoqchisi Bashar al-Assad o’ta zaif pozitsiyada ekanini anglab yetgan Tehronning boshi qotgan. Konferensiyani G’arb shafe’ligidagi “Suriya do’stlari” deb nomlangan guruhga muqobil bir forum deb ko’rish mumkin.

Islomiy respublika yig’inni o’tkazishiga yana bir sabab, deydi olim, kelasi hafta Saudiya Arabistoni islomiy davlatlar ishtirokida Suriyaga bag’ishlangan alohida tadbirga mezbonlik qiladi.

Suriyada faoliyat olib borayotgan BMT kuzatuvchilari 19-avgustda missiyani yakunlaydi. Vashington nazarida, Assad ma’muriyati og’ir qurollardan voz kechmas ekan, uni yangilashga hojat yo’q.

AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays buni tasdiqlab deydiki, Xavfsizlik Kengashi qo’ygan talablar bajarilmagani bois kuzatuvchilar 9 kun ichida Suriyani tark etishi ehtimoldan xoli emas.

“Mamlakatda BMT rolini davom ettirish uchun boshqa variantlarni ko’rib chiqishga tayyormiz. Va albatta, Suriya aholisi uchun gumanitar ko’makni ayamaymiz”, - deydi Rays.

Suriya bo’yicha xalqaro vositachi lavozimini shu oxirida tark etayotgan Kofi Annan o’rniga kim tayinlanishi ham hozircha noma’lum.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG