Arab Ligasi: Assad qirg’inni bas qilsin

  • Amerika Ovozi

Arab Ligasi kuzatuvchilari

Arab Ligasi kuzatuvchilari

Arab Ligasi Suriyani namoyishchilarga qarshi zulmni tugatish va’dasiga amal qilishga chaqirmoqda. Liga Bosh kotibi Nabil al-Arabiy fikricha, hukumat va muxolifat murosasida gap ko’p.

“Kuzatuvchilar tashrifi muammoni butunlay hal qila olmaydi. Suriyadagi tanazzulga siyosiy yechim kerak. Hukumat va oppozitsiya yuzma-yuz gaplashib, mamlakat kelajagini muhokama qilmas ekan, ahvol shundayligicha qoladi”, - deb hisoblaydi liga rahbari.

Suriya esa tashkilot bayonotlari noxolis deya norozi. Bu yurt ahli, aksariyat fuqarolar tashqi aralashuvga qarshi, deydi Suriyaning Arab Ligasidagi vakili Yusuf Ahmad.

Arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari kecha Misrda ko’rishib, Suriyaga safar qilayotgan 150 kuzatuvchi faoliyatini sarhisob qilgan va ularning sonini oshirishga kelishib olgan.

Arab Ligasi: Assad qirg’inni bas qilsin

Arab Ligasi: Assad qirg’inni bas qilsin

Tomonlar BMTdan texnik yordam, maslahat olish, xalqaro tashkilotga a’zo davlatlarni jalb qilish xususida ham gaplashdi.

Assadning ashaddiy tanqidchilaridan biri, Qatar Bosh vaziri Shayx Hamad bin Yassin al-Taniy kuzatuvchilar oldida aniq maqsad va tugal sana bor, deydi.

“Muzokara va kuzatuvdan naf yo’q deb xulosa qilishimiz mumkin. Qirg’inni bas qiling. Biroq shoshib, birovni qo’rqitishni istamaymiz. Tinchlik – asosiy maqsad”, - deydi al-Taniy.

Muxolifat va huquq tashkilotlari o’tgan oy boshlangan missiyani tanqid qilib, Bashar al-Assad va isyonchilar o’rtasidagi adovatni yengillata olmaganlikda ayblab keladi. Ba’zilar nazarida kuzatuvchilarning bor-yo’qligi bilinmaydi, demak ketsa ham bo’ladi.

Lekin Arab Ligasi bunga rozi emas va kuzatuvchilar ishini davom ettiradigan. Missiya boshlig’i, sudanlik general Muhammad Ahmad Mustafo al-Dabi kecha ilk hisobot bergan. To’liq raqamlar ligaga 19-yanvarda taqdim etiladi.

Qohiradan muxbirimiz Elizabet Arrotning xabar berishicha, arab rasmiylari anjumani o’tayotgan mehmonxona tashqarisida o’nlab odam yig’ilib, Assadga qarshi da’vatlar yangragan. Ular 11 yillik avtoritar tizim tugatilishini talab qilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko’ra, yil boshidan beri Assad qo’zg’olonni bostirishga urinib, besh ming odamni o’ldirgan. Rasmiy Damashq isyonda terrorchi va ajnabiy kuchlarni ayblab, ikki ming askaridan ayrilganini aytadi.

Arab Ligasi: Assad qirg’inni bas qilsin

Arab Ligasi: Assad qirg’inni bas qilsin

Daraa viloyatida kechagi olishuvlarda, deya bildiradi Suriya huquq himoyachilari, armiyadan yuz o’girgan sobiq zobitlar Assad tarafdorlaridan 11 nafarini o’ldirib, 20 kishini jarohatlagan. Hims viloyatida hukumat kamida 10 fuqaroning yostig’ini quritgan.

Bu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas. Xorijlik jurnalistlar mamlakatga kiritilmaydi.

“Arab Ligasi murosa izlayotgan bir paytda Assad hukumati odamlarni o’ldirmoqda”, - deydi isyonchilardan biri. “Qon to’kilayotganida liga ham aybdor. Suriya xalqi himoyasini BMT o’z bo’yniga olishi lozim”, - deydi u.

BMT Xavfsizlik Kengashi ertaga majlis qiladi. Rossiya tashqi aralashuvga, hatto texnik yordam uzatishga mutlaqo qarshi.

Bayrutdagi Amerika universiteti olimi Hilol Kashan nazarida Arab Ligasi bunaqa muammolarni hal qilib ko’rmagan.

"Missiya natijasiz tugab, xalqaro hamjamiyat aralashishiga to’g’ri keladi”, - deydi professor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG