BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya bo'yicha bayonot qabul qildi

  • Amerika Ovozi

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyaga doir bayonot qabul qildi, Nyu-York, 21-mart, 2012-yil

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyaga doir bayonot qabul qildi, Nyu-York, 21-mart, 2012-yil

BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyadagi vaziyatga doir qarama-qarshiliklarga barham berilayotgan ko'rinadi. Bunda BMT sobiq bosh kotibi, endilikda Suriya bo'yicha maxsus vakili Kofi Annanning xizmati katta.

Annan vositachiligida Fransiya tomonidan tayyorlangan bayonot 15 a'zo davlat tomonidan bir ovozdan qabul qilindi. So'nggi marta rezolyutsiya loyihalariga veto qo'ygan Rossiya va Xitoy ham uni qo'llab-quvvatlagan.

BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyaga doir rezolyutsiya loyihasi so'nggi besh oyda ikki bor ko'rilib, bu ikki davlat uni inkor etgan edi.

Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasidan farqli o'laroq kengash prezidenti nomidan qabul qilinuvchi bayonot yuridik kuchga ega emas, ammo jiddiy siyosiy ahamiyatga ega.

Britaniyaning BMTdagi elchisi Mark Layall Grant joriy oyda Xavfsizlik Kengashiga prezidentlik qilmoqda. Uning aytishicha, hujjat kengash a'zolari Suriya masalasida hamfikr ekanidan dalolat.

"Rasmiy Damashqqa yakdil kengashdan jiddiy signal bu. Suriya hukumati Kofi Annan Damashqda taqdim etgan va bayonotdan o'rin olgan olti punkt bo'yicha zudlik bilan munosabat bildirishi kerak endi", - deydi Britaniya elchisi.

Xususan, bayonotda prezident Bashar al-Assadga zo'ravonliklarni darhol to'xtatish, xavfsizlik kuchlarini aholi yashovchi zonalardan chiqarish, asossiz hibsga olingan odamlarni ozod etish, gumanitar yordamga ehtiyoj hududlarga oziq-ovqat va dori-darmon yuborish hamda yaradorlarga yordam berish uchun har kuni ikki soatga gumanitar korridor ochish tavsiya qilinadi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin bayonot matnidan mamnunmiz, Xavfsizlik Kengashi Suriyaga pragmatik ravishda yondashmoqda, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG