Bashar al-Assad fikricha Suriyadagi urushni muzokara orqali tugatish mumkin

  • Amerika Ovozi

Halab, Suriya. 20-yanvar, 2015-yil.

Halab, Suriya. 20-yanvar, 2015-yil.

Suriya prezidenti Bashar al-Assad to’rt yildan beri davom etayotgan urushni faqat siyosiy murosa orqali hal qilish mumkin deydi. Jenevada asoslangan Parlamentlararo Ittifoq rahbari Martin Chungon Damashqqa safar qilib, Assad bilan shu mavzuda gaplashdi.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungon Suriyada Prezident Bashar al-Assad bilan batafsil muzokaralar o’tkazib qaytdi. U hukumatni qo’llab-quvvatlash yoki mojaroda biror tomonni yoqlash uchun borganimiz yo’q, deya eslatadi.

Muhokama davomida ayon bo’lishicha, Assad nizoni harbiy yo’l bilan hal qilish mumkinligiga ishonmaydi. Chungon so’zlariga ko’ra, Suriya rahbari dialog tarafdori. Assad BMT elchisi Staffan di Misturaning tinchlik muzokaralarini jonlantirish uchun olg’a surgan tashabbusini umuman olganda yoqlamoqda. BMT vositachiligidagi tinchlik muloqoti boshi berk ko’chaga kirib qolgan edi.

Martin Chungonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Prezident Assad xalqaro hamjamiyat undan qutulmoqchi, degan o’yni tashlagan. Shu bois ham murosaga moyilroq ko’rinadi.

“Jahon hamjamiyati Suriyadagi tanazzul faqat Assadning ketishi bilan hal bo’lib qoladi deb o’ylamasligiga Assad ishonch hosil qilayapti. Ana shuning uchun ham biroz tinchlanib gapga ko’nayapti”, - deydi Parlamentlararo Ittifoq raisi.

Suriyadagi fuqarolar urushi 200 mingdan oshiq odamni hayotdan olib ketdi. Qariyb 10 million kishi mamlakatning o’zida sarson yoki qo’shni davlatlarga qochib chiqqan.

Suriyada 2016-yilning iyunida parlamentga saylovlar bo’lib o’tadi. Chungonning aytishicha, u Assadni parlament mustaqil ish yuritishiga sharoit yaratishga undagan. Bu organ yurt tinchligi, birdamligi uchun, zo’ravonlikka barham berib, xavfsizlik va inson huquqlarini kafolatlash uchun muhim rol o’ynashi kerak bo’ladi.

“Suriya hukumatiga tushuntirib aytdim. Parlament amaldagi rahbariyatning quyrug’i, davomi sifatida ko’rilmasligi muhim. Bundan avvalo Assad ma’muriyati manfaatdor. Aksincha, parlament ishonchli, qonuniy idoraga aylanishi, tarkibi va qilayotgan ishlari buni isbotlashi muhim. Shunday qarorlar chiqarsin va hukumatni yo’naltirsin”, - deydi Chungon.

O’z navbatida Suriya rahbariyati Parlamenlararo Ittifoqdan uzoqni ko’zlovchi qo’llab-quvvatlov so’ragan. Mamlakat parlamenti demokratik institutga aylanishi uchun yordamingiz kerak, deydi Assad ma’muriyati.

Chungon Suriyada erkin va adolatli saylovlar o’tkazish mushkul vazifa ekanini aytadi. Biroq ilojsiz ishning o’zi yo’q. Masalan, deydi u, BMT va xalqaro tashkilotlar suriyalik qochqinlar chetdan turib ovoz berishlari uchun muhit yaratishi mumkin.

Parlamentararo Ittifoq 1889-yilda tuzilgan xalqaro tashkilot, har xil davlatlar parlamentlari o’rtasida muloqot uchun platforma vazifasini o’taydi, tinchlik va demokratiya yo’lida xizmat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG