Halabda minglab aholi qayga borishni bilmaydi

  • Amerika Ovozi

Halab, 16-dekabr, 2016

Halab, 16-dekabr, 2016

Suriyada Prezident Bashar al-Assad armiyasi nazoratiga o'tayotgan Halab shahrida minglab aholi hayoti xavf ostida. Shaharni tark etishga urinayotgan fuqarolar uchun yo'l yopiq.

Hukumatga qarshiligi bilan tanilgan bu hududda insoniyatga qarshi jinoyatlar amalga oshirilayotgan bo'lishi mumkin degan xavotir kuchli.

Hukumat avvaliga evakuatsiya uchun ruxsat berdi. BMT bu ishni amalga oshirayotgan edi. Lekin keyin bu qaror bekor qilindi. Hozirda vaziyat mavhum.

Armiya va isyonchilar orasida kelishilgan sulh ham buzilgan.

Muzokaralarda faol ishtirok etayotgan Turkiya evakuatsiya davom etadi deya ta'kidlamoqda lekin Damashqdan bu borada sado yo'q.

Halab, 16-dekabr, 2016

Halab, 16-dekabr, 2016

Suriya hukumati jangarilarni Halabdan qurol-aslaha olib chiqayotganlikda ayblamoqda. Ikki shia qishlog'ida fuqarolar isyonchilar qo'lida va ularni qo'yib yuborishi uchun Damashq ularga bosim ko'rsatmoqda, deydi mahalliy sharhlovchilar. Tomonlar bir-biriga yangi talab qo'yish bilan band. Janglar ham davom etmoqda. Har yonda tartibsizlik, deya izohlaydi guvohlar.

Fua va Kfarya nomli qishloqlarning aholisi ham evakuatsiya qilinadi, aks holda hech kim Halabdan chiqmaydi, degan bayonotlar ham yangramoqda.

Suriya armiyasiga yaqindan yordam berayotgan Rossiya pozitsiyasi shuki, hozirda Halabdan xotin-qizlar, bolalar va keksalar olib chiqilgan. Shahar va uning atrofidagi qishloqlarda qolganlar asosan terrorchilar va ularning tarafdorlaridir.

Halab, 16-dekabr, 2016

Halab, 16-dekabr, 2016

Moskva Anqara bilan hamkorlikda Suriyada yangi murosa yo'lida harakat qilayotganini bildirmoqda.

Yaponiyada safarda yurgan Prezident Vladimir Putin deydiki, Suriya hukumati va muxolifati yaqin orada Qozog'iston poytaxti Ostonada muzokara qilishi mumkin.

AQShda prezidentlikka shaylanayotgan Donald Trump deydiki, uning davlati Suriyada tinchlik o'rnatilishini istaydi va maxsus xavfsiz hududlar yaratish kerak deb hisoblaydi.

“Suriyada vaziyat ayanchli, chora ko'rish kerak", - deydi Tramp.

Uning fikricha, xavfsiz zonalar uchun pul Fors ko'rfazi davlatlaridan kelishi zarur.

Fransiya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zolarini bir davraga to'plab, ulardan Halab aholisini qutqarish ishlari xalqaro hamjamiyat qo'liga o'tishini ta'minlashni so'ramoqda.

2011-yildan beri notinch Suriyada shu kungacha 310 ming odam halok bo'ldi. Millionlab aholi boshpanasiz qoldi. Millionlab aholi qochqinga aylandi. Hukumat va unga qarshi kuchlar orasida janglar shaharma-shahar, qishloqma-qishloq davom etmoqda.

Halab, 16-dekabr, 2016

Halab, 16-dekabr, 2016



Halab qadim shahar, sharq durdonalaridan biri edi. Bugun u vayrona.

Turkiyaga har kuni avtobuslardan yaralangan odamlar olib kelinmoqda.

Prezident Assad xalqqa murojaat qilib, armiya mamlakatning muhim bir qismini terroristlardan tortib olmoqda, dedi.

“Tarixiy jarayon bu. Bugun boshlanmadi. Olti yil oldin boshlangan", - dedi u urush boshlangan vaqtga ishora qilib.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri



Vashington nazarida esa Assad qotil va o'z fuqarolarni shafqatsizlarcha o'ldirishda davom etmoqda.

"Suriya hukumati aholiga nisbatan terror amaliyotlarini qo'llamoqda", - deydi Davlat kotibi Jon Kerri.

Kerrining aytishicha, Suriya xalqiga insonparvarlik yordami yetkazish - asosiy burch. Mamlakatda ishlayotgan xalqaro tashkilotlarga madad ko'rsatish zarur; Amerika shunga harakat qilmoqda, deydi u.

“Suriya va Rossiya esa vijdonan ish tutib, tinchlik tomon qadam tashlashi kerak", - deydi Kerri.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter fikricha Moskvaga umuman tayanib bo'lmaydi.

“Rossiya Suriyadagi vaziyatga bosh suqqanida siyosiy murosa va barqarorlikni ta'minlash bosh maqsadi ekanini da'vo qilgan edi. Qani? "Islomiy davlat" ga qarshi kurashmoqchi edi. Qani?" - deya so'raydi Karter.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG