Tojikistonda Suriyadagi vaziyat haqida nima bilishadi?


Damashq, 18-iyun, 2012

Damashq, 18-iyun, 2012

Yaqin Sharqda davom etayotgan siyosiy jarayonlar Markaziy Osiyo matbuotida to’liq yoritilmasa-da, Moskvaning Sovet davridan beri hamkori bo’lgan Suriyadagi to’qnashuvlarga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirilmoqda.

1990-yillarda fuqarolar urushini boshdan kechirgan Tojikistonda ziyolilarning bir qismi Suriya rahbari ketishi kerak degan fikrda.



Bir qarashda aksar tojikistonliklar xalqaro maydondagi o'zgarishlarga befarqdek. Aholi orasida ilmiy-sosialogik tadqiqot olib borgan ziyoli Obloqul Musoev odamlarning bu qadar e’tiborsizligini mahalliy OAVlarning ta’siri bilan izohlaydi.

Uning fikricha, matbuotda mustaqil tahlil yetishmaydi, xalqning siyosiy bilimi past.

“Aholi bilan suhbatlashish jarayonida shuning guvohi bo’ldimki, xalqimiz siyosatdan juda olisda. O'tkazgan so’rovlarimda Suriya masalasi, Tojikiston-Suriya aloqalari, odamlarning Amerikaning Suriyaga munosabatiga nisbatan fikrlari qanday degan savollar bor edi. Odamlar umuman aniq javob berolmadi, hatto ziyolilar ham. Sababi, siyosatning yaxshi sharhlanmasligidan. Masalan, o’zimizning televideniyada Suriya voqealari oddiy tilda bayon qilinishi kerak. Xalqona sharhlab beradigan biron sharhlovchi yo’q”.

Tojikistonda faoliyat olib borayotgan rus jurnalisti Lenura Mustafoyeva ham Suriya masalasida mahalliy ziyolilar sust fikrlashini aytadi.

Tojik ziyolisi Maqsud Asatulloyev nazarida, Suriya Tojikiston uchun do’st mamlakat.

“Lekin hozir u yerda haqiqiy fuqarolik urushi ketmoqda. Assad vaqtni boy berdi. U sahnadan mardonavor ketishi kerak. Qaddafiy singari uning ham davri o’tdi. Buni u tushunib yetishi zarur. Nazarimda uning hukmronligi hademay qulasa kerak”.


Tojikiston davlat OAVlarida Suriya deyarli yoritilmaydi.

Mustaqil nashrlarda Suriyada Eronning 15 ming askari urush qilmoqda degan xabarlar paydo bo’ldi.

Suriyada yashayotgan rus sharqshunosi Arxan Kochneva bunday xabarni rad qilarkan, bu yerdagi banditlar qo’lida eronlik 11 ziyoratchi garovda bo’lganligini aytadi.

“Nazarimda ularni o’lim bilan qo’rqitib, kamera qarshisida o’zlarining harbiylar ekanligini aytishga majbur qilganlar, ularni qandaydir 15 minglik qo’shin bo’lagi sifatida talqin qilganlar”.

Sharq davlatlarini yaxshi bilgan Asatulloyev fikricha, Eronning Suriyaga harbiy ko’magidan ajablanmasa ham bo’ladi. Ularning qo’shnichilik haqi bor, deydi u.

“Lekin ko’proq Rossiya va Xitoy yordam bersa kerak”.

Moskvalik rus eksperti Sergey Seregichevning aytishicha Suriyada masalani hozir qurol emas, ideologik kurash hal qiladi.

“Tinch aholini, ayollar va bolalarni o’ldirayotganlarga qarshi kim kurshmoqda? Mana gap nima ustida ketmoqda”.
XS
SM
MD
LG