Braximiy Jeneva-2 muloqotini vaqtincha to'xtatdi

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Hims shahri

Suriyaning Hims shahri

Suriya hukumati va muxolifati o’rtasida Jenevada kechayotgan muzokaralar bugun davom etib, boshi berk ko’chaga kirib qolgani xabar qilinmoqda.

Delegatlar muvaqqat hukumat xususida gaplashishi kutilayotgan edi. Ma’lum bo’lishicha, muxolifat vakillari hukumat e’lon qilgan tamoyillar deklaratsiyasini rad etgan. Unda yangi hukumat haqida hech narsa deyilmagan.

Suriya tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Faysal Maqdadning aytishicha, hukumat delegatsiyasi Jenevaga hokimiyatni topshirish emas, terrorizmga qarshi kurash xususida gaplashish uchun borgan.

BMT maxsus vakili Laxdar Braximiy jarayonga vositachilik qilmoqda. Muloqot o’tgan hafta boshlanganidan beri Braximiy har ikki tomon bilan alohida uchrashib, ularning pozitsiyalari, qiynayotgan masalalarni o’rgangan.

Bugun esa hukumat va muxolifat vakillari yuzma-yuz gaplashgan, ammo o’rtada keskin munozara boshlangach, Braximiy uchrashuvni to’xtatishga majbur bo’lgan.

Kechagi muloqot chog’ida Hims shahridagi vaziyat muhokama qilingan. Isyonchilar qo’lidagi shahar hukumat kuchlari qamali ostida.

Braximiyning aytishicha, rasmiy Damashq bilan kelishuvga ko’ra, bugun ayollar va bolalar Himsni tark etishi, so’ng shaharga BMTning gumanitar yuk ortilgan mashinalari kirishi mumkin.

Tomonlar qamoqxonadan minglab odamlarni ozod etish xususida ham gaplashgan. Muxolifat Braximiy orqali hukumat delegatsiyasiga isyonchilardagi asirlar ro’yxatini berishga rozi bo’lgan.

Jeneva-2 tashkilotchilari muzokara yakunida Suriyada muvaqqat hukumat bo’yicha kelishuvga umid qilmoqda, ammo kuzatuvchilarga ko’ra, bunga umid kam.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG