Breaking News

Suriyaga doir muzokaralar qoldirilishi mumkin


Sergey Lavrov va Jon Kerri
Sergey Lavrov va Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Syurixda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrasib, Suriya hukumati va muxolifati o'rtasida rejalanayotgan muzokaralar va Shimoliy Koreyaning so'nggi yadro sinovi xususida gaplashdi. 25-yanvarga belgilangan Suriya muloqotining, ayrim kuzatuvchilar nazarida, qoldirilish ehtimoli mavjud.

BMT vakilining bildirishicha, anjuman homiylari Suriyaning qaysi muxolif guruhlarini muzokaralarga taklif etish xususida kelishib olmaguncha taklifnomalar tarqatilmagan. Suriya hukumati tadbirdan oldin muxolifatdan kim bo'lishini bilmoqchi, ro'yxatini ko'rmoqchi.

Muzokara kelayotgan dushanba kuni boshlanadimi, degan savolga Lavrov bu ko'p jihatdan BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Staffan de Misturaning ishiga bog'liq, dedi.

Davlat kotibi so'ng yillik Jahon iqtisodiy forumida ishtirok etish uchun Shveysariyaning Davos shahriga boradi. Anjumanda Vitse-prezident Jo Bayden hamda Mudofaa vaziri Eshton Karter ham qatnashadi.

Davlat departamentiga ko'ra, Kerri korrupsiyaga qarshi kurash, toza energiyaga doir tashabbuslarni olg'a surish, internet tarmoqlarini kengaytirish va atrof-muhit haqida so'zlaydi.

Shveysariyadan so'ng davlat kotibi Riyodga safar qilib, Saudiya Arabistoni hamda Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga a'zo arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan gaplashadi.

Bu mamlakatlar Eron bilan imzolangan xalqaro yadroviy bitimga qarshi. Ular nazarida Tehron sanksiyalardan xoli bo'lganidan foydalanib, iqtisodiyotini kuchaytirib, mintaqani beqarorlashtirishga qaratilgan harakatlarini kuchaytiradi.

Qo'shma Shtatlar Saudiya Arabistonining Eron bilan so'nggi paytdagi ziddiyatlari mintaqadagi vaziyatga salbiy ta'sir qilishiga, xususan, Yamandagi nizoni chuqurlashtirishiga to'siq qo'yishga intilmoqda.

Riyoddan so'ng Jon Kerri Laos va Kambodjada bo'lib, fevral oyiga rejalanayaotgan Janubi-sharqiy osiyo davlatlari uyushmasi, ASEAN sammitiga tayyorgarlik qanday ketayotgani haqida mahalliy rasmiylar bilan gaplashadi.

Kerrining so'nggi xorijiy manzili - Xitoy. Pekinda Shimoliy Koreya siyosati haqida gap ketadi. Pekin Pxenyanning eng yaqin ittifoqchisi bo'lib, bu qashshoq davlatni oziq-ovqat va yoqilg'i bilan ta'minlab turadi, unga so'zi o'tadi, deydi tahlilchilar. Shimoliy Koreyaning so'nggi yadro sinovlari xalqaro hamjamiyat keskin tanqidiga uchradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG