Suriyaga doir tinchlik muzokaralari qayta jonlanmoqda

  • Amerika Ovozi

BMTning Suriya bo'yicha mas'ul vakili Staffan de Mistura (markazda), BMTning Suriyaga gumanitar yordam yetkazish bo'yicha mas'ul vakili Yaqub al Hillo (o'ngda) va de Misturaning maxsus maslahatchisi Jan Egeland (chapda) Jenevada, 9-mart, 2016-yil.

BMTning Suriya bo'yicha mas'ul vakili Staffan de Mistura (markazda), BMTning Suriyaga gumanitar yordam yetkazish bo'yicha mas'ul vakili Yaqub al Hillo (o'ngda) va de Misturaning maxsus maslahatchisi Jan Egeland (chapda) Jenevada, 9-mart, 2016-yil.

BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Staffan de Mistura Jenevada tinchlik muzokaralarini boshlash uchun delegatsiyalarning kelishini kutmoqda. Urushayotgan taraflardan vakillar yaqin kunlarda bu yerga yetib kelishi kerak.

Misturaning matbuot kotibi Jessi Shaxinning aytishicha, ayrim mehmonlar faqat shanba va hatto dushanba kuni borishini aytgan. Suriyaning asosiy muxolif guruhi esa “Amerika Ovozi” bilan suhbatda muloqotda qatnashish-qatnashmaslik haqida aniq bir qarorga kelmaganini aytgan.

Suriya hukumati ham anjumanga kechikib borishi kutilyapti.

Majlis davom etadi

Davlat departamenti tomonlar kechikishi haqidagi bayonotlardan xavotirda emas. Fevralda ilk uchrashuvga yig’ilganimizda ham ishtirokchilar xuddi shunday qilgan edi, deydi departament matbuot kotibi Jon Kirbi. “Muloqot davom etsa bo’ldi”, - deydi u.

AQShning Suriyadagi sobiq elchisi Robert Ford nazarida ham muzokara boshlanadigan sana u qadar muhim emas. Lekin amaldagi sulh buzilsa, muxolifat Jenevaga umuman kelmasligi ehtimoldan xoli emas, deya qo’shimcha qiladi u.

“Sulh kuchini yo’qotmasin, zo’ravonliklar yangilanmasin. Ana shuni o’ylash kerak”, - deydi Yaqin Sharq institutidan tahlilchi Ford.

Uningcha, Suriya hukumati ko’proq gumanitar karvonlar qatnoviga imkon beradimi-yo’qmi, bu ham bugun dolzarb mavzu.

BMT uchun gumanitar karvonlar va sulh ustuvor masalalar

De Mistura bugun insonparvarlik yordami qatnovi va otishmani to’xtatishga doir kelishuv ijrosini muhokama qilmoqda.

BMT shafeligidagi muzokaralar fevral oyida boshlandi. Lekin Suriya muxolifati armiya va Rossiya havo kuchlarining hujumlaridan shikoyat qilishi ortidan muloqot to’xtab qoldi. Oppozitsiyaning arz qilishicha, Suriya va Rossiya havo kuchlari “Islomiy davlat” va boshqa terrorchi tashkilotlarni emas, isyonchilarni bombardimon qilayapti.

Fevral o’rtalarida xalqaro hamjamiyat sulh rejasini olg’a surib, kelishuv 27-fevralda kuchga kirdi.

Suriya hukumati va muxolifati sulh buzilayotgani haqida onda-sonda shikoyat qilsa-da, umuman olganda, otishmalar sezilarli darajada susaygan. Lekin terrorchi guruhlar hanuz nishonga olinayapti.

Eslatish joiz, Suriyadagi urush besh yildan buyon davom etmoqda. Mojaroda 250 ming odam hayotdan ko'z yumdi. Millionlab odamlar uyini, vatanini tashlab qochdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG