Suriyaga doir xalqaro muzokaralar 14-mart kuni davom etadi

  • Amerika Ovozi

Suriya hukumatining sulh buzilgani haqida da'volari bunga halaqit bermasligi lozim, deydi Amerika bosh diplomati Jon Kerri

Suriya hukumatining sulh buzilgani haqida da'volari bunga halaqit bermasligi lozim, deydi Amerika bosh diplomati Jon Kerri

Amerika bosh diplomatining aytishicha, BMT shafeligidagi Suriyaga doir xalqaro muzokaralar rejalanganidek 14-mart kuni boshlanishi kerak. Suriya hukumatining sulh buzilgani haqidagi da'volari bunga halaqit bermasligi lozim, deydi Jon Kerri.

Aytish kerak, ikki haftadan oshibdiki, mamlakatda otishmalar sezilarli darajada kamaygan.

Bu orada, Amerika va Rossiya kuzatuvchilari Jeneva va Ammonda ko'rishib, Suriyadagi qon to'kilishlarini butunlay to'xtatish yo'llarini muhokama qilmoqda.

Zo'ravonliklar ko'lami 80-90 foizga qisqarganini ko'rib turibmiz. Bu juda salmoqli ko'rsatkich, deydi Kerri Saudiya Arabistonida so'zlar ekan. Suriyadagi asosiy muxolifatni Saudiya Arabistoni qo'llab-quvvatlab keladi va muzokaralar silliq kechishida Riyodning yordami salmoqli hisoblanadi.

Bu orada, Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallimning aytishicha, rasmiy Damashq sulhga amal qilish qarorida qat'iy. Lekin Suriya hukumati yo'llagan delegatsiya muxolifatning muzokaralarga kelishini faqat 24 soat kutishga rozi, deydi u. Damashq diplomatlari Jenevaga yakshanba kuni yo'l oladi.

Suriya oppozitsiyasi Jenevadagi muloqotda qatnashish niyatini bildirgan.

BMTning bildirishicha, fevralda erishilgan sulh sharofati bilan xalqaro insonparvarlik tashkilotlari Suriyaning qamal ostidagi shaharlarida 115 ming odamga ovqat, dori va boshqa yordamni yetkaza oldi.

Shaharlarni ham hukumat kuchlari, ham isyonchilar qamal qilib keladi. O'tgan yili BMT bu hududlarga mutlaqo kira olmagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG