Breaking News

Jenevada Suriya tinchlik muzokaralari boshlanmoqda


BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Staffan de Mistura
BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Staffan de Mistura

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Suriya bo’yicha maxsus vakili Staffan de Mistura Jenevada tinchlik muzokaralarining yangi davrasiga vositachilik qilmoqda. Uning aytishicha, muloqot samara bermasa, Suriyada urush avj olib, yanada dahshatliroq bo’lishi mumkin.

De Misturaga ko’ra, Suriya xalqi kelajagini o’zi hal qilishi kerak va BMT unga bu ishda madad beradi.

"Biz tomonlarni haqiqiy, dolzarb mavzularni muhokama qilishga undayapmiz. Eng asosiy mavzu - bu siyosiy o’tish jarayoni. Muzokaraga muqobil reja yo’q. Men bilgan bunday yolg’iz reja urushning davom etishidir”, - dedi BMT rasmiysi.

Muloqot rejasiga ko’ra, 10 kun davomida de Mistura Suriya hukumati va muxolifati vakillari bilan alohida uchrashadi. So’ng tanaffus e’lon qilinib, muzokaralarning keyingi bosqichi aprel oyi boshida o’tkaziladi. Undan so’ng esa yana bir davra muloqot bo’lib o’tadi.

BMTning bildirishicha, sulh sabab harbiy harakatlar keskin kamayganidan beri hukumat va muxolifat kuchlari qamalidagi hududlardagi 115 ming odamga oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa turdagi yordam yetkazishga imkon tug’ildi.

“O’tgan yili buning iloji bo’lmagan”, - deyiladi BMT bayonotida.

Suriya muxolifati bosh muzokarachisi Muhammad Allushning aytishicha, Prezident Bashar Assad o’tish davrida muvaqqat hukumat tepasida qololmaydi.

"U ketishi yoki o’lishi kerak", - dedi u.

Biroq Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim bunday shart bilan muzokarada qatnashmasligini ma’lum qildi.

“Assad prezidentligini muhokama qilmoqchi bo’lganlar bilan muzokara qilmaymiz”, - dedi u.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriyada otishmalar sezilarli darajada kamayganini ta'kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG