Suriya Turkiya samolyotini urib tushirgan

  • Amerika Ovozi

Suriya O’rta dengizda Turkiyaga qarashli qiruvchi samolyotni urib tushirgan. Turkiya prezidenti Abdulla Gulning ta’kidlashicha, F-4 razvedkachi samolyoti Suriya havo hududiga kirgani ehtimoldan xoli emas. Bu borada tekshiruv ketmoqda.

Ayni damda har ikki davlat O’rta dengizda uchuvchilarni qidirish bilan band.

Turkiya-Suriya munosabatlari prezident Bashar al-Assadga qarshi isyon boshlanganidan beri keskin sovuqlashgan. 30 mingdan oshiq suriyalik zo’ravonlikdan qochib, Turkiyada boshpana topgan.

Assad ma’muriyati qo’shni davlatni isyonchilarga madad ko’rsatayotganlikda, xususan ularni razvedka ma’lumotlari va kichik qurollar bilan ta’minlab turganlikda ayblaydi.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’an Anqarada favqulodda majlis o’tkazib, Suriya qurolli kuchlari bu davlat samolyotini nishonga olganini muhokama qildi. “Nima bo’lgani aniqlangach, qat’iy choralar ko’ramiz”, - deydi u.

BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annan kecha Jenevada Suriyadagi ahvol yuzasidan hisobot berdi. Uning aytishicha, urushga barham berish uchun ham hukumatga, ham muxolifatga bosimni oshirish vaqti yetdi. Ta’sir kuchiga ega davlatlar muzokaraga qo’shilishi zarur, deya Kofi Annan Eronni tilga oldi.

BMT hisobicha, Suriyada 1,5 million aholi insonparvarlik yordamiga muhtoj.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG