Suriya hujumida samolyotidan ayrilgan Turkiya NATOdan yordam kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog'an Vazirlar mahkamasi majlisiga yo'l olmoqda, 25-iyun, 2012-yil.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog'an Vazirlar mahkamasi majlisiga yo'l olmoqda, 25-iyun, 2012-yil.

Turkiya Vazirlar mahkamasi o’tgan hafta harbiy samolyotining Suriya tomonidan urib tushirilgani yuzasidan majlis qilmoqda. Rasmiy Anqara nazarida NATO chora ko’rishi kerak. G’arb diplomatlari hujumni qoralagan.


NATO elchilari Turkiya iltimosiga ko’ra maslahatga to’planadi. Alyans qoidalariga ko’ra, a’zo davlatlar xavfsizlik va chegara himoyasi bobida bir-biriga yordam berishi kerak.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’lining bildirishicha, qiruvchi samolyot xalqaro havo hududlarida parvoz qilayotgan payt Suriya tomonidan ogohlantirishsiz urib tushirilgan. Uchuvchilar radar tizimini sinovdan o’tkazayotgan edi, bu oddiy bir mashq edi, xolos. Samolyot qisqa vaqtga Suriya sarhadlariga kirgan, uni tark etgach esa o’qqa tutilgan, deydi Turkiya vaziri.

Rasmiy Damashq izohiga ko’ra, samolyotlar Suriya sohillariga o’ta yaqinlashgani bois o’qqa tutilgan.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Lyuksemburgda majlis qilib, hujumni qoralagan.

“Bo’lib o’tgan voqeadan tashvishdamiz, bedarak ketgan ikki uchuvchi oilalariga hamdardmiz”, - deydi Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalarga mas’ul oliy vakili Ketrin Eshton. “Turkiyani bu vaziyatda bosiqlikka chaqiramiz”, - deydi u.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton buni “surbetlarcha hatti-harakat” deya Suriyani tanqid qilgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ham tomonlarni vazminlikka da’vat etgan.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg Suriyadagi umumiy manzaradan tashvishda.

“Suriyada davlat tizimi parokandalikka yuz tutib, mojaro keskinlashishi ehtimoli kuchli”, - deydi Xeyg. Uningcha, Yevropa Ittifoqi prezident Bashar al-Assad ma’muriyatiga bosimni oshirishi kerak.

Diplomatlar so’zlariga qaraganda, Yevropa Ittifoqi suriyalik rasmiy va yana olti kompaniyani qora ro’yxatga qo’shmoqchi. Hozirning o’zida bu ro’yxatda 100 dan ziyod suriyalik mulozim bor.

Avstraliya ham Assad hukumati va unga aloqador shaxslar hamda tashkilotlarga qarshi qo’shimcha harbiy va moliyaviy sanksiyalar, sayohat cheklovlarini joriy etmoqda.

Suriyada o’tgan yili Assadga qarshi qo’zg’olon boshlanib, muxolifat chiqishlari shafqatsizlarcha bostirilar ekan, Damashq-Anqara aloqalari tarang. Suriya hukumati Turkiyani muxolif kuchlarga boshpana berganlikda ayblab tanqid qiladi. Anqara isyonchilarga qurol va razvedka ma’lumoti uzatmoqda, deydi Suriya mutasaddilari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG