Bashar al-Assad: Turkiya rahbari - yolg'onchi




Suriya prezidenti Bashar al-Assad Turkiya Bosh vaziri Rejep Erdog’an aldoqchi deydi.

Erdog’an Suriyadagi qo’zg’olon haqida boshidan yolg’on gapirib kelmoqda, deya da’vo qiladi Assad.

"Xalq menga qarshi bosh ko'targani yo'q, terroristlar hokimiyatni egallashga harakat qilmoqda", - deydi u.

Turk jurnalistlari bilan telemuloqotda Suriya prezidenti qo’shni Iordaniyani ham isyonchi kuchlarni quvvatlab, uzoqni o’ylamayotganlikda aybladi. Bu jangarilar ertaga Turkiya va Iordaniyaning o’ziga ham hamla qilishi mumkin, deydi Assad.

Erdog’an yashirin tarzda Isroil bilan til biriktirib, Suriya badnom qilmoqchi va rasmiy Anqara Suriya ahlini o’ldirish uchun alohida mablag’ ajratgan, deydi Assad.

Turkiya va Iordaniya yuqoridagi da’volarni inkor etib, Suriya prezidentini o’z xalqini ayovsiz qirayotganlikda, minglab aholini vatandan quvib chiqarib, ularni boshpanasiz qashshoq insonlarga aylantirganlikda qoralaydi. Ayni damda Turkiya va Iordaniyada yuzlab ming suriyalik jon saqlamoqda.

Kecha Suriyadagi muxolifatchi kuchlar Iordaniyaga olib boruvchi yo’lda katta harbiy punktni qo’lga kiritgan. Bu, deydi jangarilar, davlat armiyasining ta’minot tizimiga kuchli zarba bo’ladi.

Damashqda esa hukumat qo’shinlari markaziy bir mahallani nishonga olib, o’nlab odamni o’ldirgani haqida xabarlar bor.

2011-yilning mart oyida boshlangan va hali ham tinmagan qonli qozg’olon 70 mingdan ortiq insonning yostig’ini quritdi.
XS
SM
MD
LG