Breaking News

Suriya hukumati Arab Ligasini aldaganlikda ayblanmoqda


Hims viloyatidagi namoyishlar
Hims viloyatidagi namoyishlar

Qatar Bosh vaziri Hamad bin Yassim al-Taniy Suriyada ish olib borayotgan Arab Ligasi kuzatuvchilari missiyasining xatolarini tan olmoqda.

Suriya muxolifati missiyani layoqatsizlik va tajribasizlikda ayblagan. Al-Taniy masalani kecha BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan muhokama qilgan. Uning tan olishicha, liga ilk bor kuzatuvchilik bilan shug'ullanmoqda. Al-Taniy Pan Gi Mundan BMT tajribasi bilan o'rtoqlashishni so'ragan.

Arab Ligasi kuzatuvchilari
Arab Ligasi kuzatuvchilari

Shanba kuni Arab Ligasiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari missiyaning shu kungacha tayyorlangan xulosalari bilan tanishadi. Suriya hukumati namoyishchilarga qarshi ta'qiblarni to'xtatib, askarlar va og'ir harbiy texnikani shaharlardan chiqarishga va'da bergan, missiya esa ana shu va'da ijrosini nazorat qilishi kerak.

Ammo huquq faollari va muxolifat nazarida rasmiy Damashq o'z so'zida turmayapti, zo'ravonliklar hamon davom etmoqda, odamlar nobud bo'lyapti.

Hims viloyatidagi manzara
Hims viloyatidagi manzara

Ular nazarida hukumat kuzatuvchilarni prezident Bashar al-Assadga sodiq hududlarga olib boryapti, ko'chalarning nomlarini o'zgartirib, ularni chalg'itishga harakat qilyapti, kuzatuvchilarga yolg'on ko'rsatma berish uchun o'z odamlarini isyonchi hududlarga yuboryapti.

Bugun AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jeffri Feltman Qohirada liga rasmiylari bilan shu haqda gaplashadi.

Suriya davlat matbuotining xabar berishicha, namoyishlarda ishtirok etgan, ammo qotilikka qo'l urmagan mahbuslardan 552 nafari ozod etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG