BMT Bosh kotibi Suriya hukumatiga: Qatliomni bas qiling!

  • Amerika Ovozi

Hims shahrining Baba Amr mahallasi - asosiy nishon. Hukumatga qarshi kurashayotgan terrorchilar shu yerda yashiringan, deydi Suriya rasmiylari.

Hims shahrining Baba Amr mahallasi - asosiy nishon. Hukumatga qarshi kurashayotgan terrorchilar shu yerda yashiringan, deydi Suriya rasmiylari.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun deydiki, Suriya hukumati qo’zg’olonchilarga qarshi harbiy amaliyotlar kechayotgan shaharlarga insonparvarlik tashkilotlarini kiritishi shart.

“Suriyadan kelayotgan video tasvirlar qatliomdan darak beradi. Bunga toqat qilmaymiz. Inson sifatida bunga bardosh qilish mumkin emas. Manzarani ko’rib, dahshatga tushasiz. Men, shaxsan, chuqur qayg’udaman. Suriya hukumati, hech qanday shartsiz, darvozani keng ochib, chet eldan yordam kelishi uchun sharoit yaratishi shart. BMT gumanitar yordami boshlig’i nega Suriyaga kiritilmayapti? BMT Suriyaga kirishi shart”, - deydi Pan Gi Mun.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi bir oydan beri o’qlar yomg’iri ostida qolayotgan Himsga kiritilmayapti. Kecha bu tashkilotga ikki chet ellik jurnalistning jasadi topshirilgan. Ular bir necha kun oldin otishmalarda o’lgan edi.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti hisobicha, o'tgan bir oy ichida Himsda 700 kishi halok bo'lgan.

Shahardan olingan videolarda ko’chalarda jasadlar yotgani, qonli manzara tasvirlanadi. Aholi yerto’lalarda jon saqlamoqda, lekin hozir u yerlar ham xavfli, deydi bu videolarni olib dunyo ahliga uzatayotgan suriyaliklar.

O'tgan bir oy ichida 700 kishi o'lgan, deydi huquq faollari

O'tgan bir oy ichida 700 kishi o'lgan, deydi huquq faollari

Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Ja’fariy BMT Bosh kotibini noxolislikda ayblamoqda. Uning aytishicha, Suriyadagi vaziyat nazorat ostida va hukumat aholi hayoti uchun javobgar. Xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarga yordam ko’rsatish – hukumatning vazifasi, deydi Ja’fariy.

Himsda suv ta’minoti ishdan chiqqan. Oziq-ovqat va dori-darmon yetishmayapti, elektr toki ta’minoti ham uzilib qolgan.

Suriyada Bashar al-Assad va uning hukumatiga qarshi qozg’olon boshlanganiga bir yil bo’layapti. Unga qarshi ko’rilgan harbiy choralar natijasida shu kungacha 8000 dan oshiq fuqaro halok bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG