BMT Suriya hukumatini tanqid qilib, xalqaro tergov o’tkazishga undadi

  • Amerika Ovozi

BMT Inson huquqlari kengashi ham hafta oxirida alohida sessiya o’tkazib, Bashar al-Assadni murosaga chaqirmoqchi

BMT Inson huquqlari kengashi ham hafta oxirida alohida sessiya o’tkazib, Bashar al-Assadni murosaga chaqirmoqchi

Suriya hukumati namoyishlarni bostirish uchun ko’proq tank va askar safarbar etgan.

Prezident Bashar al-Assadga qarshi qo’zg’olon markazi, janubdagi Deraa shahrida otishma, portlashlar quloqqa chalinmoqda. BMT Xavfsizlik Kengashi vakillari esa bugun uchrashib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qiladi.

Xalqaro hamjamiyat rasmiy Damashq xatti-harakatidan norozi va zo’ravonlikni tanqid qilmoqda. Yevropa Ittifoqining besh davlati Suriya elchisini chorlab, savolga tutgan.

Ittifoq juma kungi yig’ilish chog’ida Suriyani iqtisodiy sanksiya bilan jazolash haqida gaplashishi kutilmoqda. BMT Inson huquqlari kengashi ham hafta oxirida alohida sessiya o’tkazib, Bashar al-Assadni murosaga chaqirmoqchi.

Tashkilot Bosh kotibi Pan Gi Mun armiya hujumlarini tanqid qilib, voqeani xalqaro maydonda, mustaqil ravishda tekshirishga undadi.

Amerikaning BMTdagi elchisi Syuzan Rays “Bashar al-Assad xalq dardiga quloq tutishi kerak”, deydi.

“Biroq”, deydi Rays, “buning o’rniga Assad chet davlatlarini ayblash, Eron bilan til biriktirib, odamlarni ezish bilan ovora”.

AQSh diplomatining aytishicha, xalqqa qarshi bosim va zo’ravonlikda Suriyaga Eron astoydil yordam bermoqda. “Buning dalil-isboti bor”, - deydi Syuzan Rays.

BMT Suriya hukumatini tanqid qilib, xalqaro tergov o’tkazishga undadi

BMT Suriya hukumatini tanqid qilib, xalqaro tergov o’tkazishga undadi

Harbiylar mingan mashinalar bugun poytaxt Damashq tevaragi, Banias shahrini g’ir-g’ir kezmoqda. Deraa shahrida qayoqqa qaramang politsiya.

O’tgan oy boshlangan qo’zg’olon shu paytgacha 400 dan ziyod odamni hayotdan olib ketgan. Dushanbadan beri 34 kishi nobud bo’lgan. Huquq faollari hisob-kitobiga qaraganda, kamida 500 fuqaro qamoqda.

Muxolifat prezident Assadni demokratik islohotlar o’tkazishga chaqirib keladi. Aks holda, deydi ular, inqilobdan shafqat kutish yo’q.

Qo’shma Shtatlar Assad ma’muriyati qarorlarini “zulmkor” deya ta’riflab, inson huquqlari, so’z va namoyishlar erkinligini hurmat qilishga da’vat etadi.

“Bashar al-Assad noto’g’ri yo’ldan ketmoqda va tezda xatosini o’nglashi kerak”, -deydi AQSh Davlat departamenti rasmiysi Jeyk Sallivan. “Mas’uliyat, majburiyatni bilgan rahbar xalqiga musht ko’tarmaydi”, - deydi u.

Uzoq yillik adovatdan so’ng Qo’shma Shtatlar yaqinda Suriya bilan diplomatik aloqani tiklab, elchi jo’natgan edi. Bu qaror Kongressda qattiq munozaraga sabab bo’lgan.

“Elchi Robert Ford Suriya hukumati bilan gaplashib, Oq Uy xavotirini yetkazgan”, - deydi Sallivan. Suriyaning Vashingtondagi elchisi shu hafta Davlat departamentiga chorlanib, savol-javob qilingan.

Obama ma’muriyati Yevropa Ittifoqi bilan gaplashib, Suriya prezidenti va yaqinlarini jazolash haqida o’ylanib qolgan.

AQSh avvalroq Suriyaga har xil sanksiyalar joriy etgan, chunki bu davlat hamon Amerika nazarida terrorizm homiylari safida.

BMT Suriya hukumatini tanqid qilib, xalqaro tergov o’tkazishga undadi

BMT Suriya hukumatini tanqid qilib, xalqaro tergov o’tkazishga undadi

Bu orada Suriya muxolifati Istanbulda majlis qilgan.

Turkiya, ma’lumki, Suriyaning qo’shnisi va yaqin siyosiy, iqtisodiy hamkori. Shunday ekan, xalqaro hamjamiyat rasmiy Anqaradan prezident Bashar al-Assadga bosim o’tkazishni so’ramoqda.

Yig’inda qatnashgan suriyalik arbob, surgunda yashayotgan Volid Safar ahvol og’ir, deydi. Odamlar ko’cha-kuyda otib ketilmoqda. Turkiyadan umidi katta uning.

Turkiya diplomati Salim Yanal rasmiy Damashq bilan muntazam aloqadamiz, deydi. “Prezident Assadni reforma o’tkazishga, odamlar fikri bilan hisoblashishga undayapmiz”, - deydi u.

Lekin Suriyada to’qnashuvlar, armiya hujumlari avj olgani sari Turkiya sust harakat qilayotganlikda ayblanmoqda.

Anqara xalqaro sanksiyalarni qo’llab-quvvatlashi, Suriya rahbariyatiga qarshi tergovni yoqlashi kerak, deydi faollar.

Lekin Turkiya Suriya bilan yaqinlashish yo’lida uzoq yillik mehnati, adovat va buning Eron bilan munosabatlarga ta’siridan hayiqmoqda, deydi tahlilchi Nuray Mert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG