BMT Bosh Assambleyasida Assadni qoralovchi rezolyutsiya

  • Amerika Ovozi

Damashq yaqinida armiya qo'lidan o'lganlar, deydi faollar, 1-avgust, 2012-yil.

Damashq yaqinida armiya qo'lidan o'lganlar, deydi faollar, 1-avgust, 2012-yil.

BMT Bosh Assambleyasi Suriya hukumati qoralovchi rezolyutsiya qabul qildi. 17 oydan beri qo’zg’olondan boshi chiqmayotgan mamlakatda bugun ham qon to’kilgan.

Poytaxt Damashqda falastinlik qochqinlar lageri o’qqa tutilib, kamida 21 kishi o’lgan. Hamo, Idlib, Halab va Dar’oda ham armiya va isyonchilar olishayapti.

Bosh Assambleyaning majburiy kuchga ega bo’lmagan rezolyutsiyasi Bashar al-Assad ma’muriyatini qo’zg’olonchilarga qarshi kuch ishlatayotgani uchun tanqid qiladi va BMT Xavfsizlik Kengashini zo’ravonlikni to’xtata olmagani uchun savolga tutadi.

Kecha Kofi Annan BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha elchisi lavozimini tark etishga qaror qilgan.

Mamlakatda tobora avj olayotgan qurolli to’qnashuvlar va BMTdagi tarqoqlik bois ishimni munosib bajarishim qiyin bo'layapti, deydi u. 31-avgustda xizmat muddati tugashi kutilayotgan Annan bu lavozimga qaytmoqchi emas.

AQSh Senatida Suriya yuzasidan bahslar

Suriya notinch ekan, Amerika qonunchilari ham Assad tuzumini tugatishga hissa qo’shish borasida tortishmoqda.

Shiddatli janglar mamlakatni kun-sayin holdan toydirib, xarobaga aylantirib bormoqda. Demokrat senator Jon Kerri matbuotdagi xabarlar, tasvirlardan dahshatda:

“Yaqin Sharqning qoq markazida o’ta xatarli voqealar girdobining guvohi bo’lib turibmiz”.

Asabiy, norozi ekanini yashirmayotgan senator fikricha, Amerika Suriya masalasida jur’atliroq bo’lishi shart:

“Hukumat o’z xalqining joniga ozor berayotganini ko’rib turib, epsizlik, no’noqlik qilishimiz yaramaydi”.

Jon Kerri Amerika Suriyaga nisbatan qurol qo’llasin, deb chiqishgacha bormagan. Lekin boshqa qonunchilar nazarida Qo’shma Shtatlar Suriya uzra harbiy havo kampaniyasiga boshchilik qilishi kerak. O’tgan yili NATO Liviyada shunday qildi-ku, deydi ular.

Suriya muxolifatiga pand berib, o’zimiz mag’lub bo’lamiz, deydi tahlilchi Jeyms Dobbinz.

“Suriyada oxir-oqibat rahbarlikni qo’lga oladigan oppozitsiya al-Qoidaga ko’proq tayandik, Qo’shma Shtatlar jonbozlik ko’rsatmadi, deb xulosa qilsa, biz yutqizamiz”, - deydi u.

Lekin respublikachi senator Richard Lugar fikricha, qurolni qo’llashga ham shoshmaslik kerak:

“Bu ziddiyat qanday yakunlanishini biz hal qilmaymiz, xalqning hukmiga havola bu. Suriya ishlariga aralashib, o’zimiz bilmagan, kutmagan natijalarga yetaklashimiz hech gapmas. Qo’shma Shtatlar gardaniga harbiy xarajatlarni yuklaydigan har qanday qadamlarni o’ylab bosishimiz darkor”.


AQSh davlat kotibi sobiq muovini Martin Indik oldinda qora kunlar haqida ogohlantiradi:

“Ahvol sal yaxshilanishidan oldin ancha qiyinlashadi. Odamlar bugungidan ham ortiq azob, zulmga chidab yashashga majbur bo’ladi”.

BMTning bildirishicha, Suriyada Assadga qarshi olishayotgan kuchlar qo’lida bugun tanklar va boshqa og’ir aslaha bor. Demak, oddiy aholi hayotiga xavf ham bir necha karra oshgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG