Bashar al-Assad BMT tergovchilari bilan uchrashadimi?

  • Amerika Ovozi

Suriya rahbari Bashar al-Assad Damashqdagi al-Afram masjidida hayit namozini o'qidi, 26-oktabr, 2012

Suriya rahbari Bashar al-Assad Damashqdagi al-Afram masjidida hayit namozini o'qidi, 26-oktabr, 2012

Suriyada armiya va isyonchilar hayit kunlari o’q uzmaslikka kelishgan bo’lsa-da, faollar ayrim tumanlarda janglar davom etmoqda, deydi. To’rt kunlik sulh bugun kuchga kirgan.


Britaniyada asoslangan huquq tashkilotining bildirishicha, Idlib viloyatida to’qnashuvlar kuzatilgan. Vadi al-Daif harbiy bazasi atrofi notinch.

Poytaxt Damashq yaqinida snayper o’qi va tanklar besh odamni yo’q qilgan.

Dar’o viloyatida xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata o’t ochib, uch fuqaro jarohatlangan.

Halab shahridagi olishuvda to’qqiz fuqaro o’lgan.

Prezident Bashar al-Assad hayit munosabati bilan televideniyeda ko’rinish berib, juma namozida qatnashgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tergovchilari Assadga xat yo’llab, u bilan gaplashib olishni taklif qilmoqda. Damashqdan hozircha sado yo’q.

BMT komissiyasi avvalroq mintaqaga safar qilib, asosan qo’shni davlatlarda guvohlar, inson huquqlari himoyachilari, xalqaro tashkilotlar bilan muloqot asosida hisobot tayyorlagan edi.

Suriyada janglar jadallashib, vaziyat og’irlashar ekan, bu safar prezident Assad bilan yuzma-yuz ko’rishish niyatidamiz, deydi komissiya raisi Paulo Pineyro.

“Prezident Assad bizni qabul qiladimi-yo’qmi, hozir aytish qiyin. Lekin urinib ko’rish bizning majburiyatimiz. Yozda ham Suriyaga kirishga harakat qilgan edik. Bu gal rahbariyat qabulida bo’ishimiz g’oyat muhim”,- deydi Pineyro.

Avgustda BMT Xavfsizlik Kengashiga taqdim etilgan hisobotda Suriya xavfsizlik va qurolli kuchlari hamda hukumatda eng yuqori lavozimlarda o’tirgan shaxslar fuqarolarga nisbatan misli ko’rilmagan qatliom, qiynoq va jinsiy tajovuzlarda ayblanadi.

Muxolif kuchlar ham jinoyatlar sodir etgani aytiladi. Lekin eng vahshiy ishlar hukumat tomonidan amalga oshirilgani haqiqat, deydi tergovchilar.

BMT Inson Huquqlari Kengashi bu komissiya tekshiruvni davom ettiradi, deya xodimlar sonini oshirishga qaror qilgan.

Jinoyatchilar ro’yxati tuzilmoqda, deydi mutaxassislar, undan asosan Suriya siyosiy arboblari va harbiy qo’monqonlarining ism-shariflari o’rin olmoqda.

Yakuniy hisobot 2013-yil boshida e’lon qilinadi.

Suriya armiyasi esa “terrorist” guruhlarga qarshi harakatlar davom etadi deya bildirmoqda. Qo’shni davlatlar bu kuchlarni quvvatlasa, tegishli javob beriladi, deydi harbiylar.

Saudiya Arabistoni Suriyaning Jiddadagi konsulligidan uch diplomatni vatanga qaytarib yuborgan. Qirollik Tashqi ishlar vazirligining bayon qilishicha, “ular diplomatiyadan boshqa narsalar bilan mashg’ul bo’lgan”.

Saudiya Arabistoni Damashqdagi elchixonasini bu yilning mart oyida yopib, sal keyin Suriyaning Riyoddagi elchisini ham haydab yuborgan.

Bashar al-Assad asosan sunniylar yashovchi qirollikni Suriyadagi mojaro ortida turgan tomonlardan biri deb ataydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG