BMT: Suriya mojarosi mintaqaviy urushga aylanishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Paulo Pineyro

Paulo Pineyro

BMT rasmiylari Suriya mojarosi butun mintaqadagi tinchlikka tahdid solayotgani haqida ogohlantirmoqda. Suriya bo’yicha tergov komissiyasining to’rt a’zosi Yaqin Sharqda mintaqaviy urush boshlanish xavfi ehtimoli juda katta deya xulosa qildi.

Yangi hisobotda uch yildan buyon davom etayogan fuqarolar urushida Suriya xalqining azob-uqubatlari qayd etiladi. Hujjat mualliflari, shuningdek, shu paytgacha alohida hududlarda olib borilgan urush ko’lami tezda kattalashishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

BMTning tergov komissiyasi mazhablararo nizolarning chuqurlashishini hozirgi vaziyatning eng xavfli jihati deb hisoblaydi. Bu “Iroq va Shom islomiy davlati” kabi guruhlarning kuchayishi natijasidir, deyiladi hisobotda.

Komissiya a’zosi Vitit Muntarbxornning aytishicha, komissiya Suriya mojarosining chegaradan o’tib boshqa mamlakatlarga tarqalishini ancha oldin bashorat qilgan edi.

“Bugunga kelib bu haqiqatga aylandi. Biz mintaqaviy urush bo’sag’asida turibmiz. Bu turli radikal elementlar va ularning ortida turgan davlatlar aralashgan urush bo’ladi. Tashqaridan kelayotgan qurol-yarog’ miqdori vaziyatni yanada keskinlashtirmoqda,” - deydi u.

Muntarbxornning aytishicha, Suriya mojarosi mazhablararo ziddiyatdan boshlanmagan edi, ammo vaqt o’tgan sari uning diniy-mafkuraviy xususiyati kuchaydi.

Taftish jarayonida komissiya a’zolari 3 000 dan ziyod odam bilan batafsil suhbatlashishga muvaffaq bo’lib, urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgani haqida o’rgandilar.

Komissiya raisi Paulo Pineyro so’zlariga ko’ra, guruh Suriya hukumatiga qarashli harbiy binolarda o’ldirilgani iddao qilinayotgan odamlarning minglab fotosuratlarini olgan.

“Ko’plari ozib-to’zib ketgan odamlar, deyarli barchasining badanida qiynoq izlarini ko’rasiz, ba’zilari bo’g’ib o’ldirilgan, boshqalarda tanasining bir qismi chopib tashlangan, yaralari bor, kuygan. Bunday jarohatlar komissiya aniqlagan qiynoqlar uslublariga mos keladi. Biz bilan suhbatlashgan jabrdiydalar och-naxorligida o’rab olingani, o’qqa tutilgani, bombardimon qilingani haqida so’zlab bergan”.

Hisobotda, shuningdek, tinch aholiga qarshi uyushtirilgan hujumlar ta’riflanadi. Vayron qilingan maktablar, yonib kul bo’lgan kasalxonalar, yer bilan yakson etilgan mahallalar tasvirlanadi.

Komissiya a’zolari urushni faqat siyosiy yo’l bilan hal qilish mumkin degan fikrda. Ammo kurashayotgan taraflar harbiy g’alabaga erishamiz deya umid qilmoqda. Bu esa zo’ravonliklarning yanada kuchayishi va talafotlarning ko’payishi degani. Ular oqibatlar haqida o’ylamayapti, deydi BMT rasmiylari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG