Suriyada armiya va isyonchilar orasida janglar davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

BMT kuzatuvchilari Suriyadagi vaziyat bilan tanishar ekan, hukumat va muxolif kuchlar bir-birini zo’ravonlikda ayblashda davom etmoqda.

BMT va Arab Ligasi vositachiligida erishilgan tinchlik bitimiga hozircha hech kim amal qilmayapti. Huquq tashkilotlarining aniqlashicha, bugun poytaxt Damashqda 10 fuqaro armiya o’qidan halok bo’lgan. Latakiya viloyatida janglar avjida.

Prezident Bashar al-Assad va uning ma’muriyati Turkiya bilan chegaradosh hududlarda terrorchilar yashiringan deydi. Bu mintaqada qochqinlar katta sonni tashkil etadi.

BMT kuzatuvchi guruhiga Norvegiya general-mayori Robert Mud boshchilik qilmoqda. Yaqin kunlar ichida missiya a’zolarining soni 300 ga yetadi, deydi uning o’rinbosari Ahmad Himichiy.

Idlb viloyatida hukumatga qarshi namoyishlar, 27-aprel 2012

Idlb viloyatida hukumatga qarshi namoyishlar, 27-aprel 2012

Suriya hukumati nazarida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun noxolis ish ko’rmoqda. U o’z chiqishlarida muxolif kuchlarni quvvatlamoqda, deydi Damashq rasmiylari. BMTning javobi shuki, Pan Gi Mun har ikki tomonni tinchlikka undamoqda va sulh shartlarini eslatmoqda.

BMT Bosh kotibi odamlar asosan hukumat o’qidan o’lganiga urg’u bermoqda. Tashkilot hisobicha, o’tgan bir yil ichida Suriyada 9000 dan oshiq odam halok bo’lgan. Huquq tashkilotlari taxminicha esa 11 000 dan ziyod.

Bugun Livan zobitlari Liviyadan kelayotgan yirik kemani tekshirganida unda Suriyaga katta miqdorda qurol-aslaha olib ketilayotgani aniqlangan. “Lutfulla” deb nomlangan kemadagi vositalar muxolif kuchlarga atalgan bo’lgan, deydi inspektorlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG