BMT Suriyaga yana yuzlab kuzatuvchilar yuboradi

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi zo’ravonlik davom etayotgan Suriyaga 300 qurolsiz kuzatuvchini yuborish uchun ovoz berdi.

Mamlakatda sulh e’lon qilinganiga bir hafta bo’ldi, lekin vaziyat unchalik o’zgarmagan. Bugun poytaxt Damashq yaqinidagi harbiy aeroportda portlashlar yangragan. Hukumat va isyonchilar bir-birini sulh shartlarini buzayotganlikda ayblamoqda.

Avvalroq Xavfsizlik Kengashi qarori bilan Suriyaga 30 kishidan iborat kuzatuvchilar guruhi yuborilgan edi. Ular soni endi 300 ga yetadi.

Suriyaning SANA axborot agentligi xabariga ko’ra, monitoring guruhi a’zolari bugun Hims shahriga borib, hokim bilan uchrashgan, mahallalarni ko’zdan kechirgan.

Guvohlarning aytishicha, bir haftadan buyon armiya tomonidan ayovsiz o’qqa tutilgan shaharda bugun sokinlik hukmron. Kechagi to’qnashuvlarda 11 kishi halok bo’lgani aytiladi.

Suriyadagi vaziyatni chetdan kuzatayotgan faollar xalqaro hamjamiyat nomidan vositachilik qilayotgan Kofi Annanning sulh rejasini so’nggi imkoniyat deb biladi. Aks holda, ular nazarida, mamlakat urush girdobidan chiqa olmaydi.

Suriyaning eng ashaddiy janglarni boshdan kechirgan hududlariga gumanitar yordam havodek zarur, biroq diplomatlarning tan olishicha, bu jabhada ham yaqin orada oldinga siljish kutilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG