BMT tinchlikparvlarlari Suriyada endi boshqacha ishlaydi

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Hims shahrida isyonchilar tekshiruv punkti, 3-may, 2012-yil.

Suriyaning Hims shahrida isyonchilar tekshiruv punkti, 3-may, 2012-yil.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyada kuzatuv uslubini o’zgartiradi. Missiya qayta ishga tushganida, tinchlikparvarlar shahar va qishloqlarda uzoqroq vaqt qoladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti qurolsiz tinchlikparvarlar guruhi yetakchisi, general Robert Mud bugun Damashqda jurnalistlar bilan ko’rishdi. Uning aytishicha, kuzatuvchilar u yer-bu yerda, o’lda-jo’lda ish qilishi yaramaydi. BMT Xavfsizlik Kengashi tez kunda missiya kelajagini hal qilishi kutilmoqda.

“Xavfsizlik Kengashi qanday qaror qabul qilmasin, xalqaro hamjamiyat Suriya ahli oldida javobgar ekanini unutmaslik lozim. Bu xalq chekayotgan azobni ko’rmaslikka olish to’g’ri emas va biz tanazzulni hal qilishning siyosiy, tinch yo’llarini izlashda davom etamiz”, - dedi Robert Mud.

Suriyada ahvol o’ta xavfli ekani bois Robert Mud qarori bilan 300 kishilik missiya faoliyatini vaqtincha to’xtatgan edi. BMTning bildirishicha, ular bir necha bor hujumga uchragan.

Bugun Moskvada Germaniya va Rossiya tashqi ishlar vazirlari, Parijda esa Fransiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari ko’rishib, Suriya taqdirini muhokama qilishi rejada.

Hafta oxirida Fransiyada “Suriya do’stlari” uchrashuvida 100 dan ziyod delegatsiya qatnashishi aytilmoqda, biroq Rossiya va Xitoy vakil jo’natmoqchi emas. Ushbu guruhning aprel va fevraldagi muloqotlarida ham Moskva va Pekin ishtirok etmagan edi.


Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lyu Veymin so’zlariga ko’ra, Suriyadagi krizisni hal qilish o’ta muhim.

“Hozir muhim palladamiz. Jahon hamjamiyati Shveysariyaning Jeneva shahrida erishilgan kelishuv ijrosini ta’minlashi darkor. Shu bilan birga, Suriyadagi mojaroni shu davlatdagi barcha kuchlar ishtirok etgan holda bartaraf etish mumkin. Hozircha, Xitoy Fransiyadagi anjumanga borishni zarur topmayapti”, - dedi Lyu Veymin.

Rossiya va Xitoy o’tgan shanba Jenevada erishilgan bitim masalasida G’arb bilan tortishib qolgan. Yevropadagi ayrim davlatlar talqinicha, ushbu xujjatlar asosida, Suriya prezidenti Bashar al-Assad yangi muvaqqat hukumatga kiritilmaydi. Ammo Pekin va Moskva bunday izohga qat’iyan qarshi.


Bu xalq chekayotgan azobni ko’rmaslikka olish to’g’ri emas va biz tanazzulni hal qilishning siyosiy, tinch yo’llarini izlashda davom etamiz.
Suriyada Assadning 12 yillik boshqaruviga qarshi o’tgan mart boshlangan qo’zg’olon va qonli to’qnashuvlar borasida G’arb, Xitoy va Rossiya pozitsiyasi tubdan farq qiladi. BMT Xavfsizlik Kengashida rasmiy Damashqni jazolovchi tashabbuslarni aynan Kreml va Pekin to’sib keladi.

Britaniyada asoslangan Suriyada inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni kuzatuvchi guruhning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, chorshanba kungi olishuvlar 21 kishini hayotdan olib ketgan. O’tgan yakshanba 109, dushanba kuni 114 odam jon bergan, deydi faollar.

Bu raqamlarni mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas, chunki xalqaro jurnalistlar mamlakatda erkin harakat qila olmaydi.

Bu orada, Turkiya Suriya tomonidan urib tushirilgan harbiy samolyoti pilotlarining jasadini topgan. F-4 qiruvchi samolyoti o’tgan oy nishonga olingan, ikki uchuvchi bedarak ketgan edi.

22-iyundagi bu voqea ketidan Anqara-Damashq aloqalari keskinlashgan. Turkiya javob chorasi ko’rishini aytsa-da, tomonlar qurol qo’llamoqchi emasmiz, deydi. Suriya hukumati namoyishlarni kuch bilan bostirishga o’tgach, bir paytlar qalin bu ikki qo’shni orasi sovib ketgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG