Xitoy, Rossiya Suriyani jazolashga qo’ymadi

  • Amerika Ovozi

Xitoy, Rossiya Suriyani jazolashga qo’ymadi

Xitoy, Rossiya Suriyani jazolashga qo’ymadi

15 mamlakat a’zo BMT Xavfsizlik Kengashida Suriya hukumatini qoralovchi rezolyutsiya ovozdan o’ta olmagan. Turkiya rasmiylari Bashar al-Assad ma’muriyatini baribir jazolaymiz, deydi.

BMTda Yevropa davlatlari olg’a surgan hujjat kecha Rossiya va Xitoy e’tirozi bois ma’qullanmadi.

Kengashning to’qqiz a’zosi uni yoqlab, to’rttasi - Hindiston, Braziliya, Janubiy Afrika va Livan betaraf qoldi. Rezolyutsiya tasdiqlanadi, deb umid qilgan Yevropa va Qo’shma Shtatlar g’azabda.

Namoyishlar

Namoyishlar

Hujjat mualliflari murosa izlab qator keskin bandlarni olib tashlagan edi. Britaniya diplomati Mark Lyall Grantning aytishicha, tayyor matnda sanksiyaga mavhumgina sha’ma bo’lgan, xolos.

“Zo’ravonlik va ekstremizmni tanqid qilishga chaqirdik, boshqalarga yoqmadi. BMT harbiy chora qo’llamaydi, deb va’da berdik. Baribir yoqmadi”, - deydi Britaniya elchisi.

Amerikaning BMTdagi vakili Syuzan Rays nazarida Suriyaga doir munozara kim inson huquqlari va erkinlikni qadrlashi, kim bir tiyinga olmasligini ko’rsatgan.

Suriyada kundalik hayot

Suriyada kundalik hayot

“Yaqin Sharq va Afrika shimolida o’zgarishlar shukuhi kezayotgan bir paytda kim-kimligi ayon bo’ldi. Shafqatsiz rahbarlarni yoqlab, rezolyutsiyaga veto qo’yganlar endi erkinlik istayotgan Suriya xalqi va butun mintaqa ahli oldida javob berishi kerak”,- dedi Amerika diplomati.

Rossiya elchisi Vitaliy Churkin fikricha, veto qo’ygani uchun Moskva Bashar al-Assad rejimini himoya qilayapti degan ayblovlar soxta.

“Biz Bashar al-Assad ma’muriyatini pana qilayotganimiz yo’q. Rasmiy Damashq bilan jiddiy va keskin munozara olib borayapmiz. Suriya xalqi haq-huquqi biz uchun ham muhim. E’tirozimiz shuki, Suriyada hamma ham hukumatga qarshi bosh ko’targani yo’q. Ko’plar tinch, osuda islohotlar tarafdori”, - deydi Vitaliy Churkin.

Amerika diplomati Syuzan Rays

Amerika diplomati Syuzan Rays

Rossiya diplomati nazarida Yevropa rezolyutsiyasi Liviyadagi kabi harbiy operatsiyaga yetaklashi mumkin. Xitoy rezolyutsiya tinchlik o’rnatishi mushkul, deb hisoblaydi.

Amerika rasmiysi Syuzan Rays bu da’voni “Suriya hukumatiga qurol uzatuvchi davlatlarning bahonasi” deb ta’rifladi.Suriyaning BMT Xavfsizlik Kengashidagi elchisi Bashar Ja’fariy G’arbni noxolis siyosatda ayblamoqda. Rasmiy Damashqning siyosiy pozitsiyasini yoqtirmagan Yevropa va Amerika bilganini qilmoqda, deydi u.

Xitoy va Rossiya veto qo'ydi, Hindiston betaraf

Xitoy va Rossiya veto qo'ydi, Hindiston betaraf

Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyib Erdog’an bugun Janubiy Afrikada qilgan chiqishida BMT xohlamasa, o’zimiz chora ko’ramiz, dedi.

BMT hisob-kitobiga ko’ra, Suriyada mart oyidan beri namoyishlar va olishuvlarda 2700 kishi o’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG