BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya yuzasidan hali ham bir qarorga kelmadi

  • Amerika Ovozi

Hims shahridagi manzara

Hims shahridagi manzara

BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Kofi Annanning Damashqdagi ikki kunlik muzokaralari samara bermadi. Shunga qaramay diplomat, prezident Bashar al-Assad xalqaro hamjamiyatning takliflariga quloq tutadi degan umidda. Ayni damda Suriyada vaziyat yanada og’irlashgan.

Kofi Annan, BMT sobiq bosh kotibi, Suriyani yakshanba kuni tark etib, Turkiyaga bordi. Bashar al-Assad bilan muloqoti haqida Anqarada gapirib berdi. Asosiy taklif – harbiy operatsiyalarni to’xtatish. Lekin Suriya hukumati terrorchi deb atayotgan kuchlarga qarshi hujumlarni bas qilmoqchi emas.

Hims aholisi yordam so'ramoqda

Hims aholisi yordam so'ramoqda

Kecha Idlib viloyatida sobiq zobitlar, bugungi kunda muxolifat tomonda jang qilayotgan fuqarolar, harbiy punktni qo’lga olib, 10 askarni o’ldirgan.

"Human Rights Watch" inson huquqlari tashkilotining ma’lum qilishicha, Suriya Turkiya va Livan bilan chegarani minalamoqda. Minglab aholi jon saqlash uchun qo’shni davlatlarga qochayotgan bir paytda bunday qilish ablahlik, vijdonsizlik emasmi deya so’raydi huquq tashkiloti.

Amerika va Rossiya Suriyada zo’ravonliklar darhol bas qilinsin deya bong ursa-da, BMT Xavfsizlik Kengashida bir-biri bilan kelisha olmayapti.

BMT Xavfsizlik Kengashi majlisi, Nyu-York, 12-mart 2012

BMT Xavfsizlik Kengashi majlisi, Nyu-York, 12-mart 2012

Kecha Nyu-Yorkda kengash majlisida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Rossiya va Xitoyni xalqaro hamjamiyat bilan bir yoqadan bosh chiqarib, Bashar al-Assadga qarshi keskinroq chora ko’rish tashabbusini quvvatlashga undadi. Aks holda Suriya rahbari o’z xalqini qirishda davom etadi, deydi u.

“Birinchidan, Suriya hukumati hujumlarni darhol to’xtatishi shart. Muxolifat bilan muzokara yoki murosa haqida ana undan keyin gapirish mumkin. Chunki hozir oppozitsiya o’zini o’qdan himoya qilish bilan band”,- deydi Klinton.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov fikricha, Suriya hukumati qilmishi uchun javob berishi kerak. Lekin, deydi u, muxolifat ham zo’ravonlik va qotilliklarda aybdor. BMT Xavfsizlik Kengashi xolisona chora ko’rishi kerak, deydi u.

“Sulhdan boshqa yo’l yo’q. Kofi Annan boshchilidagi harakatlar samara beradi degan umiddamiz. Qon to’kishni to’xtatish – asosiy talab. Har ikki tomon janglarni bas qilishi lozim”,- deydi Lavrov.

Minglab aholi Livan-Suriya chegarasida jon saqlamoqda

Minglab aholi Livan-Suriya chegarasida jon saqlamoqda

Ma’lumki, Rossiya va Xitoy Suriya ichki ishlariga aralashmaslik kerak deb kelmoqda va kengashda olg’a surilgan rezolyutsiyani rad etgan. Doimiy a’zolar sifatida ular veto vakolatiga ega, ya’ni qaror qabul qilinishiga yo’l qo’ymaslik. Shundan beri AQSh va uning ittifoqchilari, jumladan Yevropa davlatlari Moskva va Pekin bilan til topishishga urinib kelmoqda.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilliam Xeyg nazarida, BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya xalqini qatliomdan qutqara olmagani sharmandalik.

“Hozirga kelib hammamiz siyosiy murosa haqida gapirayotganimiz – ijobiy o’zgarish. Hammamiz gumanitar yordab berilsin deyapmiz, zo’ravonlikni to’xtatishga chaqirayapmiz. Kofi Annanni quvvatlayapmiz. Bu degani astalik bilan bir yoqadan bosh chiqarayapmiz. Lekin muammo hali ham hal etilmadi”,- deydi Xeyg.

BMT hisobicha Suriyada o’tgan bir yildan beri davom etayotgan notinchliklarda 7500 odam halok bo’lgan, aksariyati hukumat kuchlari o’qidan. Qo’zg’olon o’choqlari hisoblanmish Hims va Idlib viloyatlariga axborot vositalari kiritilmagani sabab asl vaziyat haqida xolis axborot olish juda qiyin. O’lganlar va qiynoqlar haqida asosiy ma’lumot inson huquqlari tashkilotlari va kasalxonalardan kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG